Afg‘onistonlik yigit samolyot g‘ildiraklariga tirmashib, Dehliga uchib bordi
Olam
−
23 Sentabr 2025 29673 2 daqiqa
Omon qolish imkoni kam bo‘lgan afg‘onistonlik 13 yoshli yigit Qobuldan Dehliga yo‘lovchi sifatida emas, balki samolyot shassiga yashiringancha uchib bordi. Bu haqda “Hindustan Times” xabar berdi.
Hodisa 21 sentyabr kuni soat 11:00 atrofida “Kam Air” aviakompaniyasining RQ-4401 reysi 1,5 soatlik yo‘ldan so‘ng Indira Gandi xalqaro aeroportiga yetib borganida aniqlangan. Bu holatdan aeroport ma’murlari hayratda qolgan. Shundan so‘ng, yigit aviakompaniya xodimlari tomonidan qo‘lga olinib, markaziy sanoat xavfsizligi kuchlari xodimlariga topshirilgan va ular uni so‘roq qilish uchun aeroportning 3-terminaliga olib borgan.
Aniqlanishicha, bola Qobul aeroportiga yashirincha kirgan va qandaydir yo‘l bilan ushbu samolyotning orqa markaziy qo‘nish moslamasi bo‘limiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U rasmiylarga bu ishni “qiziqish” uchun qilganini aytgan. Surishtiruvlardan so‘ng afg‘onistonlik yigit o‘z yurtiga qaytarilgan.
Ma’lumot uchun, aviatsiyada bunday sayohatga urinishlar butun dunyoda “g‘ildirakdagi yashirin yo‘lovchilar” (wheel-well stowaways) deb ataladi. Bunda umidsiz yo‘lovchilar o‘zlarini samolyotning g‘ildirak bo‘limi yoki shassisi ichiga yashiradi. Xususan, 1947 yildan 2015 yilning iyunigacha AQSH Federal Aviatsiya boshqarmasi (FAA) tadqiqotchisi 101 ta parvozda 113 ta shunday urinishni hujjatlashtirgan. Ulardan 86 kishi halok bo‘lgan va o‘lim darajasi 76 foizni ko‘rsatgan. Bu kabi parvozlarni boshdan kechirgan yo‘lovchilar gipotermiya, ya’ni balandlikdagi juda sovuq harorat, kislorod yetishmovchiligidan halok bo‘ladi.
Malikabonu Muhammedova
Live
Barchasi