Afg‘onistonlik muxlislar Habibni tanqid qildi. Sportchi kechirim so‘radi 

Sport

image

Yengil vazn toifasida UFC sobiq chempioni Habib Nurmuhamedov obunachilari tomonidan Afg‘onistondagi voqealarga hech qanday pozitsiyasi yo‘qligi uchun keskin tanqidga uchradi. Sportchi Instagram’dagi oxirgi postida, Formula 1 poygachisi Nikita Mazepin bilan tushgan suratini joylashtirgach, ko‘plab muxlislar Habibga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan.

“Siz Afg‘onistonda millionlab odamlarning hafsalasini pir qildingiz. Yashasin insoniyat, yashasin Afg‘oniston!”, “Siz Afg‘onistondan juda uzoqdasiz. Afg‘oniston uchun ozodlik”, “Pul odamlarni qanday o‘zgartirsa, sizni ham shunday o‘zgartirgan”, “Siz Afg‘oniston uchun xalq chempioni edingiz. Odamlar sizni qo‘llab-quvvatlab, olqishladilar, lekin bizni qo‘llab-quvvatlash vaqti kelganida, imonli birodarimiz nima qilishi kerak edi, bizni bir necha so‘z bilan ruhlantirishni ham xohlamaysizmi?”, “Sen Afg‘onistondagi muxlislarni yo‘qotding. Endi sen biz uchun hech kimsan”, deya muxlislar tomonidan izohlar yozib qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Habib Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan va bu mamlakat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Ushbu voqealardan so‘ng, Habib Nurmuhamedov uni tanqid qilgan afg‘onistonlik muxlislardan kechirim so‘radi:

“Men siyosat haqida izoh berishni xohlamaganim uchun afg‘onistonlik muxlislardan keskin javob oldim. Xabarlarni qayta ko‘rib chiqdim: minglab kilometr uzoqlikda, deb noto‘g‘ri aytilgan. Men ularning xalqi bilan juda yaqin munosabatdaman. San-Xose yaqinida ko‘plab afg‘onlar yashaydi, u yerda mening do‘stlarim bor. Ular meni noto‘g‘ri tushundi. Men siyosiy vaziyat haqida izoh berishni xohlamadim. Kechirim so‘rayman, umid qilamanki, ular meni kechirishadi. Agar vaziyat haqida gapirganimda, boshqa muammolar kelib chiqar edi. Men siyosatga aralashishni xohlamadim.

Afg‘oniston hayoti davomida ko‘p narsalarni ko‘rgan. Bu odamlar uchun og‘riqli, men, albatta, havotirdaman va eng yaxshi tilaklarimni bildirmoqchiman”.

Avvalroq, Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida birdamlik belgisi sifatida Afg‘oniston bayrog‘i ko‘tarilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Habib Nurmuhamedov Nikita Mazepin Afg'on muxlislari

Baholaganlar

2371

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing