Afg‘onistondan 25 kilogrammdan ortiq narkotik olib kelganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
17 Sentabr 2025 8228 2 daqiqa
Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Afg‘onistondan olib kelingan 25 kilogrammdan ortiq narkotik moddalar sotilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muqaddam narkokur’erlar tomonidan Afg‘oniston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilgan va Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumaniga keltirilib, dala maydonidagi xufiya joyga yashirib ko‘yilgan 9 kg 896 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor va uning 1989 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, voqea joyidan qochishga uringan xususiy tadbirkorning yonida bo‘lgan 14 ming 500 AQSH dollari va 6 mln 250 ming so‘m ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan uchinchi shaxsning yashash xonadonidan esa 110 gr “opiy” moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSH dollari hamda 28 mln so‘m protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu narkotik moddalar Farg‘ona vodiysidagi iste’molchilarga sotilishi kerak bo‘lgan.
Afg‘oniston yo‘nalishida narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari tomonidan yana bir tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan, muqaddam narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Xorazm viloyati Xazorasp tumanida istiqomat qiluvchi, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, kelgusida sotib, mo‘may daromad topish maqsadida afg‘onistonlik narkosavdogarlarga katta miqdordagi giyohvandlik vositasiga buyurtma bergan.
O‘z navbatida narkokur’erlar tomonidan narkotik moddalar Afg‘onistondan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinroq To‘rtko‘l tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda to‘rtko‘llik va xazorasplik mazkur shaxslar xufiya joydan 6 kg 149 gr “opiy” moddasini va 9 kg 814 gr ko‘knori somonini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi va 273-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Qirg‘izistondan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelgan shaxslar qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi