Qirg‘izistondan qariyb 28 ming dona “tabletka” olib kelganlar ushlandi

3-sahifa

image

Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Qirg‘izistondan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 246-(Kontrabanda) va 251-1-moddalarida (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs yana Qirg‘iz Respublikasidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelib sotish orqali mo‘may daromad topishni reja qilgan.

Bu maqsadda u qirg‘izistonlik tanishiga aloqaga chiqib, katta partiyadagi dori vositalarini yetkazib berishini so‘ragan. O‘z navbatida, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi 16 755 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini aylanma yo‘llar orqali Kosonsoy tumaniga olib kelib, xufiya joyda qoldirgan. Namanganlik shaxs esa ushbu dori vositalarini Kosonsoy tumanidan Namangan shahriga keltirib berishi uchun o‘zining hamshahariga 500 ming so‘m va’da qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda kurer dori vositalarini xufiya joydan olib ketayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, buyurtmachi ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, hozirda ushbu 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi -(Kontrabanda) 1-qismi va 251-1-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda esa Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘qon shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 246-(Kontrabanda) va 273-moddalarida (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs o‘zining Tracker 2 rusumli avtomashinasida “Farg‘ona–Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 11 200 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingani aniqlangan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida Qirg‘izistondan narkotik moddalar olib kelib, sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Farg'ona kuchli ta'sir qiluvchi dori tabletka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing