Afg‘onistondagi ocharchilik Respublika davrida boshlangan – “Tolibon”
Olam
−
29 noyabr 2021
6413Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati mamlakatdagi hozirgi oziq-ovqat inqirozi avvalgi Respublika tuzumi davrida yuzaga kelgan, deb hisoblaydi. Bu haqda “Tolibon” tomonidan tayinlangan Afg‘oniston muvaqqat hukumati raisi mulla Muhammad Hasan Oxund ma’lum qildi.
“Afg‘oniston Islom Amirligi o‘z majburiyatlarini bajarishga intiladi, ammo biz hozirda Afg‘oniston Islom Amirligi hukmronlik o‘rnatishidan oldin ham mamlakatda paydo bo‘lgan ochlik va ko‘tarilgan narxlarga duch keldik. Yaqin kelajakda biz barcha qiyinchiliklarni yengamiz. Biz afg‘onlarning hayoti xavfsizligini ta’minlaymiz”, degan u.
Bundan tashqari, toliblar vakili “Tolibon” tomonidan tuzilgan hukumatni inklyuziv ekanini va ayollar huquqlarini, jumladan, ularning ta’lim va mehnat huquqlarini ta’minlashni ta’kidlagan.
“Ta’lim o‘g‘il bolalar uchun ham, qizlar uchun ham majburiydir. Hozirda qizlarning islom me’yorlari doirasida ta’lim olishlari uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish ishlari olib borilmoqda. Qachon ayollarning huquqlari ko‘proq hurmat qilinganini xalq o‘zi hal qilsin: avvalgi rahbarlik davridami yoki hozirgimi? Avvalgi hukumat inklyuzivmi yoki hozirgi hukumatmi? Odamlar to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak”, degan u.
Bundan tashqari, Oxund yana bir bor “Tolibon” barcha davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolishga intilishini, “ularning ichki ishlariga aralashmaslikka va’da berishini va ulardan ham xuddi shunday xatti-harakatlarni kutishini” aytgan. Shu bilan birga, u xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirishga chaqirgan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi