Afg‘onistondagi masjidda otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
Olam
−
22 noyabr
4738Shimoliy Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatidagi masjidda noma’lum shaxslar 12 kishini otib tashladi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Khaama Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu voqea kecha, 21 noyabr kuni kechqurun viloyat markazi Nahrinning eski shahridagi “Sayyid Podshoh og‘a” masjidiga qurolli shaxslarning bostirib kirishi oqibatida sodir bo‘lgan. Ular namoz o‘qiyotgan odamlarni otib tashlagan.
“Manbalar Nahrin hududida noma’lum qurollangan shaxslar tomonidan o‘tkazilgan otishma oqibatida 12 kishi halok bo‘lganini xabar qildi”, deyiladi xabarda.
“Tolo news” nashriga ko‘ra, hujum oqibatida halok bo‘lganlarning aksariyati o‘smir yoshdagi bolalar.
Bag‘lon viloyati politsiyasi boshqarmasi boshlig‘i Abdul Qayur G‘odimning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari hodisa bo‘yicha bir nechta gumonlanuvchini hibsga olgan va jinoyat ishi yuzasidan tergov boshlangan. Hozircha hech bir ekstremistik guruh ushbu voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
“Khaama Press”ning yozishicha, bunday fojealar mintaqadagi qashshoqlik va gumanitar inqiroz fonida sodir bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Bag‘lon viloyatida etnik tarkib quyidagicha: tojiklar (55%), hazoralar-ismoiliylar (15%), pushtunlar (20%), o‘zbeklar (9%) va tatarlar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning shimoli-g‘arbiy qismidagi Xayber-Paxtunxva viloyatida joylashgan Kurram tumanida ichida yo‘lovchisi bo‘lgan transport vositalariga qurolli hujum amalga oshirilgandi. Oqibatda kamida 42 kishi halok bo‘lgan, yana 20 kishi jarohat olgan.
LiveBarchasi