Afg‘onistondagi masjid namoz vaqtida portlatildi. Qurbonlar orasida imom ham bor

Olam

image
0:00
0:00
download

Kecha, 17 avgust kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul shimoli-sharqidagi masjidda shom namozi vaqtida portlash yuz berdi. Unda 21 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali Afg‘oniston kuch tuzilmalaridagi manbaga tayanib xabar berdi. 

Guvohlarning aytishicha, kuchli portlash Qobul shimolidagi Xayr Xona mahallasidagi Siddiqiya masjidida sodir bo‘lgan va portlash zarbidan yaqin atrofdagi binolarning derazalari ham singan. Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, otishma ovozlari ham eshitilgan.

“Kecha masjidda shom namozi vaqtida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 21 nafar fuqaromiz shahid bo‘ldi, 33 nafari yaralandi”, deydi Qobul politsiyasi vakili Xolid Zadran.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlarning 5 nafari bolalar. 

"Tinch aholining qotillari va jinoyatchilar tez orada o‘z jinoyatlari uchun jazolanadilar", deb yozdi “Tolibon” hukumati vakili Zabihulloh Mujohid Twitter’da. 

Qurbonlar orasida masjid imomi Mulla Amir Muhammad Qobuliy ham borligi aytilmoqda. 

Portlash sodir bo‘lgan joyga razvedka guruhlari yetib borgan, tergov ishlari davom etmoqda.

So‘nggi oylarda Afg‘onistonning bir qancha viloyatlarida, jumladan, poytaxt mintaqasida ham “Tolibon” tarafdorlari, ham tinch aholi halok bo‘lgan qator portlashlar, qurolli hujumlar va otishmalar sodir bo‘ldi. ISHID terror tashkilotining bir bo‘lagi bo‘lgan Xurosondagi “Islomiy davlat” bu voqealarning ko‘pchiligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Qobuldagi masjid yaqinida namoz vaqtida portlash sodir bo‘lgan edi. O‘shanda kamida 50 kishi halok bo‘lgan, 20 ga yaqin kishi shifoxonaga yetkazilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing