Afg‘onistondagi barcha ssenariylarga tayyor bo‘lishimiz kerak – Blinken
Olam
−
03 may 2021
3914Amerika tomoni Afg‘onistondagi voqealarning rivojlanishiga tayyor bo‘lishi kerak. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken CBS telekanaliga bergan intervyusida gapirgan.
"Biz barcha ssenariylarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bunga juda aniq ko‘z bilan qaraymiz. 20 yildan beri Afg‘onistonda ishlaymiz va ba’zida nima uchun u yerga borganimizni ham esdan chiqarib qo‘yamiz, bu bizga 11 sentyabr kuni hujum qilgan odamlar bilan muomala qilish maqsadida bo‘lgandi va biz buni uddaladik", degan Davlat departamenti rahbari.
Shuningdek, u Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish Afg‘oniston Hukumatini qo‘llab-quvvatlashni tugatish degani emasligini ta’kidlagan.
"Bizning elchixonamiz saqlanib qoladi, Afg‘onistonga iqtisodiy, gumanitar yordam berishda davom etamiz", deya qo‘shimcha qilgan Blinken.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yuborgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvlarga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi.
14 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi