O‘zbekistondagi xorijiy fuqarolarning vizasi 10 aprelgacha uzaytiriladi
Jamiyat
−
17 mart 2020
6920O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy mamlakat fuqarolarining viza muddati joriy yilning 10 apreligacha avtomatik tarzda uzaytiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar bermoqda.
Vazirlar Mahkamasining bugun, 17 martdagi koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilindi.
Shuningdek, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakatdan chiqib ketishiga joriy yilning 10 apreliga qadar ruxsat beriladi. Yuqoridagi holatlarda ularga nisbatan hech qanday choralar ko‘rilmaydi! Mazkur qarorga asosan, mehmonxona majmualari rahbariyatidan mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, xorij fuqarolarini joylashtirish vositalariga muammosiz qabul qilish so‘ralmoqda.
Ma’lumki, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan O‘zbekiston orqali tranzit tashuvlar, xalqaro aviaaloqalar, avtomobil transporti orqali yo‘lovchi tashish butkul to‘xtatildi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolarni o‘z mamlakatlariga yetkazish va chet davlatlardagi o‘zbekistonliklarni Vatanga olib kelish bo‘yicha charter reyslarni tashkil qilish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, karantin muddati davriga to‘g‘ri keluvchi turizm maqsadida xarid qilingan havo va temir yo‘llari chiptalari, shu jumladan ichki qatnovlar uchun chiptalarni xaridorlar tomonidan qaytarilgan taqdirda, jarimasiz qabul qilish, chipta narxini xaridorga to‘liq qaytarish yoki boshqa muddatga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
LiveBarchasi