Afg‘onistonda 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor
Olam
−
15 Oktabr 2023 10935 1 daqiqa
Bugun, 15 oktyabr kuni Afg‘onistonning g‘arbiy qismida 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Favqulodda holat oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, yana 100 dan ortiq odam jiddiy jarohat olgani aytilmoqda.
AQSH Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat hududida bugunning o‘zida 3 ta kuchli zilzila sodir bo‘lgan, so‘nggi zilzila epimarkazi Hirot shahridan taxminan 34 kilometr uzoqda joylashgan.
Hirot viloyatidagi favqulodda yordam guruhi rahbari Muhammad Zohir Nurzayning aytishicha, ikki kishi vafot etgan va 100 dan ortiq odam jarohat olgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, qurbonlar soni ko‘payishi mumkin, chunki qutqaruvchilar hali zararlangan hududlarning barchasiga yetib borishga ulgurmagan.
“Men ilgari bunday vayronagarchilikni ko‘rmaganman. Aksariyat uylar shikastlangan, odamlar esa dahshatga tushgan. Hududdagi boshpanasiz odamlar, asosan ayollar, zilziladan keyin katta chodirda guruh bo‘lib jon saqlamoqda. Ko‘plab ko‘ngillilar shifoxonaga qon topshirish uchun yo‘l olgan”, deydi ofatdan jabrlangan fuqarolardan biri Said Kozim Rafiqiy.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Afg‘oniston g‘arbida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila aholisi 272 ming kishi bo‘lgan Hirot shahridan 40 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan edi. Oqibatda 20 qishloq aholisi jabrlangan, 1983 ta bino vayron bo‘lgan. Tasdiqlangan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2400 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Live
Barchasi