Afg‘oniston vitse-prezidentiga suiqasd uyushtirildi
Olam
−
06 mart 2020
7657Bugun, 6 mart kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi vitse-prezidenti Abdulla Abdullaga suiqasd uyushtirildi. Bu haqda "Reuters" agentligi Afg‘oniston hukumat matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Hujum mamlakat poytaxti Kobul shahridagi marosim payti sodir etilgan. Xabarga ko‘ra, Abdulla Abdulla tirik qolgan. Hodisa oqibatida 18 kishi jarohat olgan. "Tolibon" harakati bu hujum uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishni rad etdi.
Bu AQSH va toliblar o‘rtasida imzolangan Doha tinchlik sulhidan keyin poytaxtga qilingan birinchi yirik hujum bo‘ldi.
"Hujum kuchli portlash bilan boshlandi. Ehtimol, bir raketa yaqin o‘rtaga tushdi. Abdulla va boshqa ba’zi siyosatchilar u yerni tezlikda tark etib omon qoldi", dedi matbuot kotibi Fraydun Kvazun.
Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bu hujumni "insoniyatga va Afg‘oniston milliy birligiga qarshi jinoyat" deb atadi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, u uzoq vaqtdan beri siyosiy raqib bo‘lgan Abdullaga telefon qilib gaplashgan.
Xavfsizlik bo‘yicha yuqori lavozimli amaldorning aytishicha, Kobuldagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarida xavfsizlik kuchaytirilgan.
"Bu haqda gapirishga hali erta, ammo hozir biz xavfsizlikni kuchaytirmoqdamiz", dedi rasmiy vakil.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi