Afg‘oniston va Pokistonda terrorchilar safida jang qilgan o‘zbekistonlik qamaldi
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
5137Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudida Afg‘oniston va Pokistondagi terrorchilik harakatlarida ishtirok etgan Botir Madaminovga hukm o‘qildi.
Botir Madaminov doimiy ravishda Rossiyaga ishlash uchun borib turgan. 2011 yilda u qurilishda ishlayotganda ekstremistlar ta’siriga tushgan. Botir Moskva viloyati Serpuxov tumanidagi qurilishda ishlash vaqtida farg‘onalik Abdurahim va andijonlik Umid bilan do‘stlashgan. Ular “Jihodchilik” diniy-ekstremistik oqimining “Moskva jamoati” a’zolari bo‘lishgan va Botirni ham o‘zlariga qo‘shib olishgan. O‘sha yilning o‘zida u Pokistonga ketib, u yerda “Turkiston islom harakati” terrorchilik tashkilotiga qo‘shilgan. Madaminovga qurol va portlovchi qurilmalar bilan muomala qilish o‘rgatilgan. So‘ngra u “Nosir” taxallusi bilan Pokiston qurolli kuchlariga qarshi janglarda ishtirok etgan.
2014 yillar kuzida Pokiston armiyasining jangarilar lagerlariga aviazarbalaridan keyin jangarilar Afg‘onistonga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda Madaminov “Xuroson viloyati islom davlati” xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosiga aylanib, 2016-2018 yillarda jangarilarga oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullangan.
2019 yil aprelda sudlanuvchi O‘zbekistonga qaytarilgan va darhol sud qilina boshlagan. Sud unga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
LiveBarchasi