O‘zbekistonda narkotiklar yoqildi. Afg‘oniston esa qo‘shnilardan yordam so‘radi

Jamiyat

Reklama
0:00

26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Xalqaro tadbirda QALAMPIR.UZ muxbiri ishtirok etdi.

Konferensiyada giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Davlat va hududiy komissiyalar a’zolari, 100 ga yaqin mutasaddi davlat organlari va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalliy organlar vakillari, mutaxassislar va ekspertlar, 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va hamkor tuzilmalar vakillari qatnashdi.

Dastlab tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi operativ boshqaruv bo‘limi hamda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda giyohvand vositalari tarqalishini oldini olish Dasturi (CADAP-8) rahbarlari kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Mutaxassislarning fikricha, giyohvandlik muammosining kengayib borayotgani, turli ijtimoiy qatlamlarga, jumladan yoshlar va xotin-qizlar orasiga ham kirib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ushbu tendensiyaga qarshi kurashishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyat – oila, ta’lim muassasalari, OAV va fuqarolik jamiyati institutlari birlashgan holda harakat qilishlari zarur.

Mazkur xalqaro anjumanda Afg‘oniston Islom Amirligining O‘zbekistondagi elchisi Sheyx Mavlavi Abdulg‘afar ham ishtirok etdi. U QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida giyohvandlik moddalariga qarshi yurtida keskin choralar ko‘rilayotganini va bu moddalarni yetishtirgan hamda tarqatganlarga jazo kuchaytirilganini aytib o‘tdi.

Elchi shuningdek, bu narkotik moddalar aylanmasini yo‘q qilishda qo‘shni davlatlardan yordam so‘radi.

Tadbirda so‘nggi 5 oy davomida talaba yoshlar o‘rtasida ham narkojinoyatlar sodir etilgani qayd etib o‘tildi. konferensiyaning eng muhim ramziy tadbiri – bu giyohvandlik vositalarini yoqish marosimi bo‘ldi. Unda Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 2 tonna 963,61 kg giyohvandlik vositalari, shundan 1 tonna 348,79 kg – marixuana, 649,64 kg – gashish, 101,43 kg – ko‘knor, 426,35 kg – opiy, 78,37 kg – geroin, 225,88 kg – sintetik narkotiklar (metamfetamin, MDMA, mefedron, A-PVP, LSD, spays va b.sh.), 83,98 gr – kokain, 197,51 gr – gashish moyi, 0,04 gr psixotrop moddalar, 71,08 kg kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, 54 kg prekursorlar, shundan: 152,5 gr – kaliy permanganat va 53,88 kg xlorid kislotasi yoqib yuborish orqali yo‘q qilindi.

Xalqaro Konferensiya doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, Chegara qo‘shinlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Mudofaa sanoati agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida sohada amalga oshirilayotgan ishlarni aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing