Afg‘oniston Islom Amirligi O‘zbekiston xalqini mustaqillik kuni bilan tabrikladi — TIV
Jamiyat
−
02 Sentabr 2021
6585O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga mamlakat mustaqilligi kuni munosabati bilan Afg‘oniston Islom Amirligi matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid nomidan tabriknoma keldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.
“Biz qo‘shni do‘st O‘zbekiston Hukumati va xalqini Mustaqillikning 30 yilligi bilan tabriklaymiz va bizning eng samimiy tilaklarimizni bildiramiz”, deyiladi xabarda.
Tabrik so‘zi bilan boshlangan maktub tilaklar bilan davom ettirilgan.
“Biz Qodir Ollohdan O‘zbekiston xalqi va hukumatining yuksak qadr-qimmati va g‘ururini asrashini tilab qolamiz.
O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarini nafaqat yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, balki umumiy diniy, madaniy va ma’naviy qadriyatlar birlashtiradi va bu mushtaraklik mamlakatlarimiz xalqlarini yanada bir-biriga yaqinlashtiradi”, deyiladi tabriknomada.
Shuningdek, maktubda Afg‘oniston Islom Amirligi O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan umidvor ekani qayd etilgan.
“Biz O‘zbekiston bilan tinchlik va barqarorlikda, do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik ruhida doimiy hamkorlikni amalga oshirishga umid bog‘lab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” harakati matbuot kotibi Muhammad Suhayl Shohin kecha, 1 sentyabr kuni O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yo‘llagandi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki marta Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirdi. Davlat rahbari ushbu mavzuga birinchi marta joriy yilning 31 avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” majmuasidagi amfiteatrda mamlakat Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalarida to‘xtalib o‘tdi va asosan mamlakatning qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatlar bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev bugun, 2 sentyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik anjumanida yana bir bor ushbu mavzuga to‘xtaldi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.
LiveBarchasi