Afg‘oniston ISHID uchun asosiy markazga aylandi – WP
Olam
−
24 aprel 2023
9034AQSH qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan bir yarim yil o‘tib, Afg‘oniston ISHIDning asosiy markaziga aylandi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Pentagon maxfiy hujjatlariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Aytilishicha, terrorchilar kimyoviy qurol yaratilishi va dronlarni nazorat qilish haqida ma’lumot olishga harakat qilgan. Shuningdek, ISHID Afg‘onistonda Yevropa va Osiyoda teraktlar uyushtirishni rejalashtirayotgani ta’kidlangan. Xususan, ular elchixonalar, cherkovlar, biznes markazlari yaqinida, shuningdek, Qatardagi jahon chempionatida rejalashtirilgan. Terrorchilar Belgiya yoki Fransiyadagi iroqlik diplomatlarni ham o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan va 4000 jangchini ozod qilishni talab qilgan.
AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ISHID tashqi operatsiyalar uchun tejamkor model ishlab chiqmoqda. Bu model Afg‘onistondan tashqaridagi resurslarga tayanadi. Qo‘shma Shtatlar fikricha, bu terrorchilarga maxsus xizmatlar tomonidan yaratilgan to‘siqlarni yengib o‘tish va hujumlarni to‘xtatish ehtimolini minimallashtirish imkonini beradi.
Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot xizmati rahbari Adrianna Uotson esa Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda doimiy qo‘shinlari bo‘lmagan holda ham terrorchilarni yo‘q qilish imkoniyatini saqlab qolganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, terrorizmga qarshi operatsiyalar kelajakdagi tahdidlarga har qanday joyda qarshi turish uchun qayta tashkil etiladi.
Pentagondagi manbaning aytishicha, ISHID tomonidan hujumlar soni muttasil ortib bormoqda, biroq ularning aksariyati amalga oshirilmagan. Uning fikricha, Afg‘onistonni nazorat qilayotgan “Tolibon” tashkilotni to‘xtatuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘z navbatida, “Tolibon” harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Pentagonning Afg‘oniston AQSH qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan bir yarim yil o‘tib ISHIDning asosiy markaziga aylangani haqidagi ma’lumotlari soxta ekanini aytgan.
“AQSH Mudofaa vazirligining soxta hujjati Afg‘onistonga qarshi davom etayotgan tashviqot kampaniyasining bir qismidir. Bunday asossiz ayblovlar va hujjatlarning e’lon qilinishi afg‘onlarning tinch yashashini istamaydigan razvedka idoralarining ishi”, deb yozdi “Tolibon” vakili Twitter'da.
Uning da’vo qilishicha, afg‘on hukumati mamlakat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgan va hech kimga Afg‘onistondan boshqa davlat xavfsizligiga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, u ISHID kabi terrorchi guruhlar Afg‘onistonda “Tolibon” xavfsizlik kuchlari ularga qarshi kurash olib borayotganidan “jiddiy zarar ko‘rgan” deb ishontirmoqda.
LiveBarchasi