Bu boshqa viloyatlarda ham takrorlanishi hech gap emas – Burxonov Oltinsoy voqealari haqida nima deydi?
Intervyu
−
19 fevral 2020
7337Bir necha kundan beri “Oltinsoy” voqealari jamoatchilik muhokamasi markazida turibdi. “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari, Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov ham bu xususda QALAMPIR.UZ saytiga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. U nima uchun shuncha voqealar yuz berguncha hududdagi mas’ullar sukut saqlaganini savol ostiga oladi.
“Surxondaryodagi “Oltinsoy” voqealari haqida gapiradigan bo‘lsam, bu borada xolis, to‘g‘ri huquqiy baho berilishi kerak. Muhokamalarni kuzatib turibmiz. Bu yerda birinchi navbatda mazkur ishlarga (noqonuniy qurilish – tah.) imkoniyat yaratib bergan mas’ullar topilishi va javobgarlikka tortilishi lozim. Fuqarolar ham o‘zidan-o‘zi bu ishni qilmagan. Nafaqat fuqarolar, o‘sha yerda fermer xo‘jaligi bor, mahallalar bor, mahalla inspektorlari bor. Noqonuniy qurilish bo‘lgan bo‘lsa, nega bilishmagan? Bu masala ortida hokimiyat idoralari ham turibdi”, deydi Burxonov.
Deputat shuningdek, mazkur masalaga baho berishda agressiv yondashmaslikni, to‘liq tahlil qilinmasa, bu holatga o‘xshash voqealar respublikaning boshqa hududlarida ham takrorlanishi mukinligini aytdi.
“O‘ylashimcha, bu masalaga bunaqa agressiv yondashish kerak emas. Mahalliy hokimiyat idoralari, mahalla inspektorlari aholining fikrini to‘liq o‘rgangan holda, nima sababdan bunday bo‘lgani yuzasidan haqiqiy holatni o‘rganishi kerak. Aminmanki, bu ahvol aynan o‘sha viloyatda emas, boshqa viloyatlarda ham takrorlanishi hech gap emas. Nima uchun shu ko‘rinishga olib kelingani haqida tahlillar olib borilishi kerak. Nima uchun davlat, hokimlik idoralari, fermerliklar mana shunday sharoitlar yaratib berdi? Yuqoridagilarni to‘liq o‘rganib, xulosa chiqarish va qaror qabul qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”, deydi Akmal Burxonov.
Fikrimizcha, voqea tegishli kommissiya tomonidan to‘liq tahlil qilinishi kerak. Haqiqatan ham bo‘sh turgan unumdor yerga o‘zboshimchalik bilan ko‘chmas mulk qurib olish mumkin emas. Joylarda hokimiyat, mahalla fuqarolar yig‘ini, qolaversa, fuqarolar yig‘ini qoshida “Mahalla posboni” jamoat tuzilmasi ham mavjud. Shuncha tashkilot turgan joyda bir necha fuqarolar tomonidan uy qurib olinishi kishini o‘ylantiradi.
Voqea yuzasidan Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Alisher Kadirov bir necha kun avval farqli fikrlar bildirgandi. U fuqarolarning xatti-harakatini qo‘pol qonunbuzilishi deya baholab, jamoat tartibiga putur yetkazish harakatlari qonunlarga ham, qadriyatlarga ham zid bo‘lgan jinoyat sifatida baholanishi kerakligini aytgandi. Uning bu munosabati internet olamini “portlatgandi”.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi raisi Narimon Umarov ushbu jarayonda adolat qaror topishi uchun har ikkala tomon ham tinglanishi, vaziyat chuqur o‘rganilishi lozim deb hisoblashini aytgandi.
Keyinroq deputat Rasul Kusherboyev mazkur masalada ijro organini tanqid qilib, eng avvalo mas’ullarning o‘zlari mavjud qonunlarga amal qilishi lozimligini tushuntirgandi. Mas’ullarning o‘zlari qonunga amal qilmasdan, hammaning ko‘z o‘ngida ochiqchasiga, har xil yo‘llar bilan, o‘z manfaati yo‘lida qonunlarning ba’zilariga amal qilib, ba’zilariga amal qilmay ishlaydigan bo‘lsa, xalq ham undan namuna olishini gapirgandi.
LiveBarchasi