AES quriladigan Tuzkon ko‘li atrofida muhandislik-tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi boshlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 29 iyun kuni O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda muhandislik-tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda, “O‘zatom” agentligi, “Rosatom” davlat korporatsiyasi, O‘zbekiston geoaxborot shaharsozlik davlat kadastri loyihalash ilmiy tekshirish instituti (O‘zGASHKLITI) mutaxassislari, “Atomstroyeksport” AJ vakillari, hamda Forish tumani mas’ullari ishtirok etdi.

AES qurilishi uchun tanlab olingan taxminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi yakunlangani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Unda Navoiy va Buxoro viloyatlarining To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida joylashgan 3 ta maydonda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgani va o‘rganishlar natijasida Jizzax viloyatining Tuzkon ko‘li yaqinidagi hudud atom elektr stansiyasi qurilishi uchun maqbul joy sifatida tanlangani e’lon qilindi. Aynan mana shu atom elektr stansiyasi qurilishi uchun tanlangan hududda muhandislik tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichiga start berildi.

Mazkur hududda “Atomstroyeksport” AJ mutaxassislari tomonidan geofizik, seysmologik tadqiqot ishlari amalga oshiriladi. Mutaxassislar hududning geologik va geofizik tahlilini o‘rganib, ulardan olingan natijalar asosida O‘zbekistonda quriluvchi birinchi atom elektr stansiyasining texnik loyihasini ishlab chiqish ishlari davom ettiriladi. Ta’kidlash lozimki, mazkur tadqiqot ishlari jarayoni O‘zbekiston Respublikasining tegishli vazirliklari va idoralari nazoratida bo‘lib, tadqiqot ishlarini tashkil etishda O‘zGASHKLITI ham jalb etiladi.

Ma’lumot o‘rnida, muhandislik-tadqiqot ishlari O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasida atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va mazkur hamkorlik doirasida tasdiqlangan “Yo‘l haritasi” ijrosini ta’minlash yuzasidan, joriy yilning 17 may kuni “Rosatom” davlat korporatsiyasining muhandislik bo‘limiga qarashli “Atomstroyeksport” AJ bilan texnik loyihani ishlab chiqish uchun muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha shartnoma imzolangan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zatom AES Tuzkon ko'li

Baholaganlar

10

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing