Ayol turmush o‘rtog‘iga saharlik va iftorlik tayyorlashi bilan uning ro‘zasi savobini ham oladi

Intervyu

Bismillahir Rohmanir Rohim, ramazon ro‘zasini Islomning 5 ruknlaridan biri qilmish Alloh subhanohu va taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin. Ramazon va ro‘za ahkomlarini o‘z ummatlariga o‘rgatib ketgan Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalamu alaykum va rahmatullohu va borakatuh.

Azizlar, sizlar bilan yana ushbu ko‘rsatuvda ko‘rishib turibmiz. Buning uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytamiz. Bugungi suhbatimiz, Ramazonda ayol kishining o‘rni haqida bo‘ladi. Avvalo eslatib o‘tishimiz kerakki, ro‘za ayollarga ham erkaklarga ham bir xil tarzda farz qilingan. Ya’ni, ayollar va erkaklardan kimki balog‘atga yetib, mukallaf bo‘lgan bo‘lsa, Ramazon oyi kelishi bilan ro‘za tutishi farz hisoblanadi. Ko‘p ahkomlarda ayollar ham erkaklar ham ishtirok etadi. Ro‘za tutish, Qur’on tilovat qilish, hayr-ehson berish, istig‘for, tavba va zikrlarni aytish bu ikki jinsga barobar targ‘ib qilingan va mana shu ishlarga chorlangan. 

Ayol kishining ramazondagi o‘rni qanday? Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zlarining hadislarida marhamat qiladilarki, “ Har birimiz mutasaddi bo‘lamiz va o‘zimizning qo‘l ostimizdagilarga mas’uldirmiz”. Hokimning o‘z mas’uliyati bo‘lgani kabi, ayol kishining ham erining uyida mas’uliyati bor va mana shu mas’uliyatlarga u javobgar bo‘ladi. Xonadonda oladigan bo‘lsak, uning saranjomligi, mahofazasi, osoyishtaligi, tartibliligi ayol kishining zimmasida. Ramazon oyida uyda yetarli sharoit bo‘lishi ayolga bog‘liq. 

Birinchi o‘rinda ayol osoyishtalikni, tinchlikni ta’minlashi kerak. Qaynona, qaynota, turmush o‘rtog‘i va farzandlariga Ramazon oyida munosib muhitni yaratib berishi kerak. Eng katta mas’uliyatidan biri – bu saharlik va iftorlikni chiroyli tarzda ta’minlab berishi. Chunki taom tayorlash mas’uliyati ayol kishiga yuklatilgan. Bu oyda saharlik va iftorlikka alohida e’tibor qaratish lozim. Sababi boshqa oylarda ovqatni biroz kechiktirishi, uzrli holatlar bilan qilmasligi ham mumkin. Ammo saharlik va iftorlikka e’tiborli bo‘lmog‘i lozim. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning tavsiyalari borki, “Saharlik qilinglar, saharlikda baraka bordir”, deganlar. Shuning uchun ayollarimiz e’tiborliroq bo‘lishlari talab etiladi.

Iftorlik payti yaqinlashishi bilan inson ochlikni his qiladi, taomga oshiqib turgan bo‘ladi. Ayol kishi bularga e’tibor bersa, o‘z yaqinlariga xizmat qilgan, ularga rioyat ko‘rsatgan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilib aytadilarki, “Kimki ro‘zadorni taomlantirsa, uning tutgan ro‘zasining savobi, uni taomlantirgan odamga ham beriladi. Ayol kishi o‘zi tutgan ro‘zasining savobi bilan, turmush o‘rtog‘iga saharlik va iftorlik tayorlashi orqali uning ro‘zasi savobini ham oladi. Farzandlari uchun tayorlagan bo‘lsa, ularning ro‘zasi savobini ham oladi. Shuning uchun bunga malollanmasdan, ajr umidida, savob ilinjida harakat qilish kerak. 

Endi taomlanishga, ya’ni saharlik va iftorlikka oid bir narsani eslatib o‘tishimiz kerak. Ayollarimiz bu narsada me’yorni bilishlari lozim. Ya’ni taomni oshirib yubormasligi va kamaytirib ham qo‘ymasligi kerak. Kamaytirib qo‘yganda qanday zarar bo‘lsa, ko‘paytirib yuborganda ham ana shunday zarar bo‘ladi. Kamaytirib yuborish ochlikka, diqqat bo‘lishga, xafa bo‘lishga sabab bo‘lsa, ko‘paytirib yuborilganda ham xuddi shunday zarar bo‘ladi. Taomni ko‘paytirib yuborish natijasida ro‘zadan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmaydi. Ramazon oyi maktab oyidir. Taomni kamaytirgan holda inson o‘z nafsini, axloqini tarbiyalaydi. Shuning uchun me’yorga e’tibor berishimiz lozim. Agar ayol va qizlarimiz taomni ko‘paytirib yuborishgan bo‘lsa, uni xilma xil qilib bunga ruju qo‘yadigan bo‘lsa, bu maqsad buziladi. 

Biz bir narsani kuzatyapmizki, oddiy kunlarga qaraganda ro‘za kunlari yanada dabdabali bo‘lib, dasturxon kengayadi, taom turi ko‘payib ketadi. Aksincha, bunday qilmaslik kerak. Yuqorida aytganimizdek, bunday qilinsa, shariat ko‘zlagan maqsad amalga oshmay qoladi. Ikkinchi navbatda bu bilan oila a’zolarining sog‘lig‘iga ham zarar keltirishadi. Chunki ochlikdan keyin birdan ko‘p ovqat yeb yuborishadi va bu sog‘liq uchun zarar ekanligi hech kimga sir emas. Shuningdek, iftorlik va saharlik ta    yyorlayotganda mahsulotlar sog‘lomligiga ham e’tibor berishi kerak. Ya’ni ayol kishi dasturxonda shirinlik va yog‘li narsalarni bir paytda yeb bo‘lmasligini bilishi, bu sog‘liq uchun zararli ekanini tushunishi kerak.

Rivoyatlarda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketishlarini, saxiylikda, hatto, shamoldek bo‘lishlari aytilgan. Bundan ibrat olgan holda Ramazon oyida saxovatli bo‘lishimiz kerak. Yaqinlarini, qo‘shnilarini holidan xabar olib, qo‘lidan kelganicha ularga yordam berib, taom ulashishi juda ko‘p savob keltiradi. Shuningdek boshqalarga go‘zal o‘rnak ham ko‘rsatadilar. Demak ham oilada, ham jamiyatda ayolning o‘rni katta ekan.
Ba’zida ehson qilishga narsa topilmasa, bir og‘iz shirin so‘z ham ehson bo‘ladi. Chunki hozirgi kunda insonlar narsadan ko‘ra shirin so‘zga ko‘proq muhtojdirlar. Mana shu kunlarda so‘zning eng yaxshisi – xayrli duolardir. Ayollar faqat oila bilan mashg‘ul bo‘lib qolmasdan, atrofdagilarga ham nur taratishsa, juda ham shariatga muvofiq ish qilgan bo‘lishadi. Buni barcha ayollarimizga nasib etishini Alloh subhanohu va taolodan so‘rab qolamiz. Alloh Ramazon oyini barchamiz uchun manfaatli qilsin. 

Odinaxon Muhammad Sodiq

 

Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ramazon Saharlik RamazondaAyollar

Baholaganlar

225

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing