Advokatga to‘sqinlik qilgan MIBchi jarimaga tortildi
Jamiyat
−
17 fevral 2020
8051Advokatning MIB binosiga kirishini taqiqlab, ham advokatning, ham uning himoyasidagi fuqaroning huquqlariga daxl qilgan MIb xodimi o‘z rahbariyati tomonidan intizomiy, sud tomonidan esa ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Advokatlar palatasining saytida xabar berilda.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Vindikatsiya” advokatlik byurosi advokati Ne’matilla Daminov o‘z professional faoliyatiga to‘sqinlik qilgan MIB surishtiruvchisi R.A.ni sudga berib, yutib chiqqan. Ma’lum bo‘lishicha, bu xodim xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgani uchun avvalroq o‘z rahbariyati tomonidan ham intizomiy jazoga tortilgan ekan.
“Qo‘shaloq ayb”
Qayd etilishicha, MIB Ishtixon tumani bo‘limi tomonidan “tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan” degan ayb bilan ustidan ma’muriy ish ochilgan fuqaro S. o‘z huquqlarini himoya qilish uchun advokat bilan shartnoma imzolagan. Biroq ishni yuritayotgan MIB Ishtixon tuman surishtiruvchisi R.A. advokatni qabul qilishni rad etib, uning hatto MIB binosiga kirishini ham taqiqlab qo‘yadi. O‘z navbatida, fuqaro S.ga ham bosim o‘tkazib, huzuriga advokatsiz, faqat o‘zi kelishini talab qiladi. Bu bilan esa u bir tarafdan advokatning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga to‘g‘anoq bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa fuqaroni yuridik yordam olish huquqidan mahrum etgan.
Advokat N.Daminov surishtiruvchining protsessual qonun normalariga bu qadar bepisandligini “hazm qilolmadi” – uning g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlari to‘g‘risida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘iga ariza yozadi. Shuningdek, advokat tegishli tartibda sudga ham murojaat qiladi.
Bajarilmagan ijro talabi
Advokat N.Daminovga yuborilgan javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, surishtiruvchi R.Ahadqulovning qilmishlari Boshqarma boshlig‘i huzurida o‘tkazilgan tezkor yig‘ilishda (2019 yil 6 mart) “chig‘iriq”dan o‘tkazilgan. Natijada esa bu surishtiruvchining advokat faoliyatiga g‘ov bo‘lishdan tashqari, ish yuritish qoidalari va ijro talablariga ham rioya qilmagani ma’lum bo‘ladi qoladi.
Xususan, u fuqaro S.ning muqaddam sudlanganligi yoki ma’muriy javobgarlikka tortilganligiga doir talabnomalarni olmagan, tekshirish hujjatlarini tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmagan, shuningdek, dastlabki 10 kunlik muddat o‘tganidan keyin ham qo‘shimcha muddat olmasdan ish yurituvini davom ettirgan ekan. Shu bois xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyatsizligi uchun unga nisbatan intizomiy jazo – o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llash to‘g‘risida buyruq chiqariladi. Uning bevosita rahbari, ya’ni tuman MIB boshlig‘i esa “hayfsan” oladi.
Huquqiy asos va sud hukmi
Xabarda aytilishicha, MIB viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu xizmat tekshiruvi xulosasi, tezkor yig‘ilish bayonnomasi, R.Ahadqulovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgani to‘g‘risidagi buyruq va boshqa hujjatlar sudda ham javobgar R.A.ning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholangan.
Ammo R.A. sud majlisiga kelmagan. Shunday bo‘lsa-da, u sudga uzrli sabab ko‘rsatmagani va ishni kechiktirish to‘g‘risida ariza ham bermagani bois Ishtixon tuman ma’muriy sudi ishni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqdi va MIB surishtiruvchisiga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 197’1-moddasi (“Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, ya’ni 405.460 so‘m jarima tayinlangan.
LiveBarchasi