Adliya vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-6184-son farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan Prezidentning 13.04.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3666-son qaroriga 1-ilovaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Adliya vazirligiga yuklangan asosiy vazifalar ro‘yxati kengaytirilishi munosabati bilan uning quyidagi sohalarda amalga oshirishi lozim bo‘lgan funksiyalari belgilandi:

•    NHHlar va ular loyihalarining tartibga solish ta’sirini baholash sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
•    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Hisob palatasi bilan birgalikda sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlarni olib borish va joylardagi holat monitoringini yuritish;
•    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning amalda bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar va omillarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq masalalarni qo‘yish, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, sohaga xos bo‘lmagan, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni qisqartirish, ularda ortiqcha qog‘ozbozlik va majlisbozlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
•    davlat organlari va tashkilotlariga qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi yuzasidan huquqiy-uslubiy ko‘maklashish, ularning tegishli bo‘linma rahbarlarini ijro intizomiga rioya etilishi bo‘yicha o‘qitishda ishtirok etish.

Adliya vazirligi tomonidan boshqa sohalarda amalga oshiriladigan funksiyalarga ham tuzatish va qo‘shimchalar kiritildi.

Vazirlik NHHlarni amaliyotda qo‘llashdagi korrupsiyaviy xavflarni tahlil qiladi hamda NHHlar va ularning loyihalaridagi korrupsiyaga sabab bo‘ladigan normalarni aniqlaydi, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralar ko‘radi va tavsiyalar ishlab chiqadi. Shuningdek quyidagilarni amalga oshiradi:

•    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» rukni ostida oddiy va xalqchil tilda tushuntirish bo‘yicha videoroliklar, infografikalar va boshqa ko‘rgazmali materiallar tayyorlaydi hamda ularni televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi;
•    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosining natijalari yuzasidan videoroliklar tayyorlaydi;
•    qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati bo‘yicha «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» rukni ostida «Yuksalish» umummilliy harakati va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ishtirokida fuqarolik jamiyati institutlari, OAV va fuqarolarni jalb qilgan holda teleko‘rsatuvlar tayyorlaydi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmatlarni ko‘rsatuvchi notariat, advokatura tizimlari va boshqa tuzilmalar samarali faoliyat yuritishini ta’minlash yuzasidan Adliya vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:

•    davlat notarial idorasi notariusini lavozimga tayinlash bo‘yicha tanlov va xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini berish bo‘yicha malaka imtihonini o‘tkazish tartibini belgilaydi;
•    Notarial palata bilan kelishilgan holda notariuslar tomonidan statistik ma’lumotlar taqdim etish shakllarini tasdiqlaydi va muddatlarini belgilaydi;
•    xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalaydi;
•    Notarial palata bilan birgalikda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek ularni hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
•    notariuslar lavozimlari eng kam sonini tasdiqlaydi va muayyan hududdagi (notarial okrugdagi) notariuslar lavozimlari eng kam sonini belgilaydi.

Adliya vazirligiga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga majburiy tartibda ijro etish uchun quyidagilarni kiritish huquqi berildi:

•    NHHlar va ular loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash sohasida aniqlangan qoidabuzarliklarni, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar;
•    qonunlar, Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini ta’minlash hamda «ljro.gov.uz» tizimiga zarur ma’lumotlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri kiritish yuzasidan ko‘rsatmalar.

Shuningdek Adliya vazirligi advokatlar va xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga berilgan litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish va bekor qilishga haqlidir.

Quyidagilar yangilandi:

•    Adliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining markaziy apparati tuzilmalari;
•    viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari.

Boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritildi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi

Baholaganlar

52

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing