Adliya vazirligi yeri tortib olingan ayol muammosini o‘rganib chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Xolbuvi opa baraka” MCHJ rahbari Xolbuvi Tangirova yeri tortib olingani haqidagi ma’lumotlar katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shu sababdan, ushbu holat Adliya vazirligi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimining 2018 yil 19 iyundagi 1251-son qaroriga asosan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga 124.0 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu qarorga asosan “Xolbuvi opa baraka” fermer xo‘jaligi tashkil etilib, tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018 yil 28 iyunda 618819-son reyestr raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2018 yil dekabr oyida fuqaro Xolbuvi Tangirova ta’sischiligida “Xolbuvi opa baraka” MCHJ tashkil etilgan hamda tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018 yil 6 dekabrda 631664-son reyestr raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ajratilgan 124.0 gektar yer maydoni MCHJga biriktirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 974-son “Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “TASHKENT COTTON TEXTILE CLUSTER” MCHJga paxta xomashyosi, boshoqli don va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, chorvachilik hamda baliqchilik mahsulotlari yetishtirishni tashkil qilish uchun Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida doimiy egalik qilish hamda foydalanish huquqi bilan 35,4 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,1 ming gektar baliqchilik ko‘llari ajratilishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 974-son, Toshkent viloyati hokimining 2018 yil 3 dekabrdagi 926-son qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Quyichirchiq tuman hokimining 2018 yil 10 dekabrda 2245-son hamda 2019 yil 23 yanvarda 91-son qarorlari qabul qilingan.

Tuman hokimining 2019 yil 23 yanvarda 91-son qaroriga asosan “TASHKENT COTTON TEXTILE CLUSTER” MCHJ tarkibiga kiradigan agrosanoat korxonalarga 37.182 gektar yer maydoni ajratilgan.

Buning oqibatida, fuqaro Xolbuvi Tangirovaga qarashli 124.0 gektar yer maydoni “TASHKENT COTTON TEXTILE CLUSTER” MCHJga o‘tkazilgan.

Biroq, fuqaro Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zarar qoplanmasdan qolgan.

O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 86-moddasi, 5-bandida zararning o‘rni olib qo‘yilayotgan yer uchastkalari ajratib beriladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan, shuningdek faoliyati yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari cheklanishiga yoki yaqin atrofdagi yerlarning sifati yomonlashuviga olib borgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishi belgilangan.

Hozirgi kunda, Toshkent viloyati savdo-sanoat palatasi tomonidan fuqaro Xolbuvi Tangirovaga yetkazilgan zararni undirish yuzasidan Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Quyi Chirchiq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritilgan hamda sudning 2019 yil 6 maydagi 4-1103-1901/779-sonli ajrimiga asosan ishni ko‘rib chiqish 22 may kuni soat 12:35ga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing