Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarini qaytarish bo‘yicha ma’lumot berdi
Jamiyat
−
15 iyun 2020
12064O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarini qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom etyapti. Bu haqda bugun, 15 iyun kuni Adliya vazirligi Matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva brifingda ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan mulklarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning 14 may kuni Fransiyadan 10 million AQSH dollari miqdoridagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilganidan xabardorsiz.
Shu bilan birga, qayd etish joizki, mulklarni qaytarish bo‘yicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada O‘zbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonga qaytarilgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik da’vosi bo‘yicha Parij shahri sudining 2019 yil 29 iyundagi qarori ijrosi doirasida musodara qilingan Parij shahri Marashal Manuri ko‘chasidagi “Triplex” turar joy majmuasida joylashgan ko‘chmas mulkni sotishdan kelib tushgan.
Shuningdek, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘l bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish bo‘yicha Shveysariya, AQSH, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Alohida ta’kidlash lozimki, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga o‘tkazib berildi va umumiy tartibda ishlatiladi. Jumladan, Fransiyadan qaytarilgan mablag‘lar sarf qilinishi rejalashtirilgan ijtimoiy loyihalar va ularning amalga oshirilish jarayoni haqida shaffof ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam va davriy taqdim qilib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Moliya vazirligining mutasaddi vakilining chiqishida batafsil to‘xtalib o‘tiladi”, dedi Sevara O‘rinboyeva.
Avvalroq, Adliya vazirligi Gulnora Karimova jinoiy yo‘l bilan orttirib, xorijiy davlatlarga olib chiqib ketgan mablag‘larni qaytarishda Gulnora Karimovaning o‘zi yoxud boshqa biror oila a’zosining hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi