Adashgan do‘stning qaytishi
Tahlil
−
27 iyul
12247Uzoq kutilgan “diydor”
AQSHga bir haftalik safari davomida Binyamin Netanyaxu bir qancha namoyishlar va AQSH prezidentligi uchun ikkinchi nomzod demokrat Kamola Harrisdan o‘ziga xos siyosiy tarsaki qabul qilib oldi. Qo‘shma Shtatlarning ayni damdagi vitse-prezidenti Yaqin Sharqdagi holat haqida o‘z fikrini bildirar ekan, begunoh insonlarning o‘ldirishiga jim qarab turmasligini qat’iy tarzda bildirdi. Harrisdan G‘azo haqida o‘zi xohlagan javobni olmagan Netanyaxu belgilangan tashrif ro‘yxatiga ko‘ra Tramp huzuriga yo‘l oldi. Kecha, 26 iyul kuni AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Binyamin Netanyaxu bilan qariyb to‘rt yil ichida birinchi marta yuzma-yuz uchrashdi. “Fox News” manbasiga ko‘ra, Florida shtatidagi Uest-Palm-Bich shahrida Netanyaxuning samolyoti qo‘nayotgan paytda unga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Biroq keyinchalik Netanyaxu uchrashuv belgilangan joyga yetib kelganda Tramp Palm-Bichdagi qarorgohining zinapoyasida turib, Isroil yetakchisini juda quyuq salomlar ila kutib oldi. Sobiq prezident va Isroil Bosh vaziri o‘rtasidagi uchrashuvda bir qancha siyosiy messejlar yangradi. Xususan, muzokaralar boshlanganidan so‘ng Tramp yordamchilari tomonidan berilgan bayonotda aytilishicha, u joriy yilning noyabr oyida qayta saylansa, “Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish uchun qattiq kurashishga” va Qo‘shma Shtatlardagi kollejlarning kampuslarida antisemitizmga qarshi bir qancha choralar ko‘rilishiga va’da bergan. Bundan tashqari, respublikachilar nomzodi ushbu suhbat bahonasida demokratlar va ularning ayni damdagi asosiy nomzodi Kamola Harrisga ham tosh otishga ulgurdi. Siyosatchining takrorlayverib charchamaydigan so‘zlariga ko‘ra, bugun dunyo 3-jahon urushiga har qachongidan-da yaqin va bunga AQSHni ayni damda qobiliyatsiz shaxslar boshqarayotgani sabab bo‘lmoqda. U, shuningdek, agarda kelayotgan saylovda Kamola Harris g‘alaba qozongudek bo‘lsa, aynan u shu Jahon urushi uchun asosiy sababchi bo‘lishini ham aytib o‘tdi.
Eski do‘stlar yoxud xiyonatkorning “tavbasi”
Siyosiy maydonda Tramp va Netanyaxu o‘rtasidagi aloqalar juda yaqin va do‘stona tarzda bo‘lgani hech kimga sir emas. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, Mar-a-Lagodagi mazkur uchrashuv Netanyaxuning Tramp bilan 2020 yilda Oq uyni tark etganidan beri birinchi yuzma-yuz muloqoti bo‘ldi. Sababi o‘sha yili Donald Trampning o‘rniga prezidentlik uchun saylangan Baydenni g‘alaba bilan aynan Netanyaxu birinchilardan bo‘lib tabriklagani uchun ularning munosabatlari keskinlashgan. Trampning o‘zi ham 2021 yilgi intervyusida Netanyaxuning unga nisbatan xiyonat qilgani, Baydenning g‘alabasi bilan birinchi bo‘lib tabriklagani uning hafsalasini pir qilganini aytgandi. Tramp shu yili hatto bir isroillik jurnalistga bergan intervyusida Binyaminni haqoratlagani bugun ko‘plab dunyo OAVlari tomonidan eslandi.
Tahlillarga ko‘ra, Isroil Bosh vazirining AQSHdagi ushbu safaridan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham eski va o‘zi tomonidan xiyonat qurboni bo‘lgan Tramp bilan buzilgan munosabatlarni iliqlashtirishdir. Netanyaxu endi noyabrdagi saylovlardan keyin respublikachi nomzod Oq uyga qaytsa, G‘azoga qarshi urushda Trampning Isroilni qo‘llab-quvvatlashini ta’minlashga harakat qilayotgani ochiq ko‘rinib turibdi.
Adolatsiz yakun
Isroilning G‘azodagi agressiyasi boshlangan kundan to bugunga qadar sektorda 40 mingga yaqin begunohlar o‘ldirildi. Eng achinarlisi, Isroil qurolidan vafot etganlarning deyarli yarmi bolalar. Bundan tashqari, bosqin davomida 90 mingdan ortiq odam turli darajada jarohatlandi.
Ammo Trampning hashamatli va xavfsiz qarorgohida bo‘lgan kechagi uchrashuvda Netanyaxu sobiq prezidentga HAMAS qo‘l ostida garovda ekani aytilgan isroillik qizaloqning suratini sovg‘a qildi. Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, suratni unga qizaloqning bobosi bergan va uni Tramp bilan bo‘lishishni so‘ragan.
“Bu juda ta’sirli. Biz buni hal qilamiz”, dedi Tramp suratni 16 mingdan ortiq murg‘ak bolalarni qilichdan o‘tkazgan johildan qabul qilib olar ekan.
Shunday qilib, kecha Tramp qarorgohida 16 mingdan ortiq falastinlik bolalarning o‘limidan ko‘ra birgina isroillik, hali tirik bo‘lgan, garovdagi bolaning taqdiri ta’sirli va achinarli tarzda qabul qilindi.
LiveBarchasi