“Achchiq yolg‘on” va “Qashqirlar makoni” yulduzi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
17:19 5233 1 daqiqa
O‘zbek teletomoshabinlariga “Achchiq yolg‘on” serialidagi Xayriya va “Qashqirlar makoni”dagi Semra Aymar rollari bilan tanilgan aktrisa Nevin Efe 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda TGRT Haber nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Efe surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi xurujidan kecha, 6 fevral kuni ertalab vafot etgan. 78 yoshli aktrisa bir muddat davolanib yurgan, Taksim birinchi tibbiy yordam shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida hayotdan ko‘z yumgan. Barcha sa’y-harakatlarga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Turk san’at olamining taniqli aktrisalaridan biri 1947 yil 1 yanvarda Istanbulda tug‘ilgan. U o‘zining badiiy faoliyatini yoshligida teatr sahnalarida boshlagan. Efe intizomli sahna ko‘rinishi va kuchli personaj talqinlari bilan tezda e’tiborni tortgan. Uzoq yillik faoliyati davomida u televideniye, kino va boshqa loyihalarda faol ishtirok etgan.
Teletomoshabinlar Nevin Efeni ilk bor 2002 yilda efirga uzatilgan “Berivan” seriali orqali tanigan. Faoliyati davomida u “Mehribon”, “Sirlar dunyosi”, “Kampusiston”, “Malak”, “Achchiq yolg‘on”, “Shifokorlar”, “Dadam bilmasin”, “Qashqirlar makoni” kabi ko‘plab mashhur seriallarda suratga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Qashqirlar makoni” seriali rejissyori Usmon Sinav 69 yoshida vafot etgan edi.
Live
Barchasi