Abituriyentlarning apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi
Jamiyat
−
22 avgust 2023
3002Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlardan apellyatsiya arizalarini qabul qilish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, apellyatsiya arizalari abituriyentning shaxsiy kabinetida onlayn tarzda qabul qilinadi va bu jarayon 31 avgustga qadar (10 kun) davom etadi. Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish esa joriy yilning 24 avgustidan boshlanadi.
Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim. Apellyatsiya arizasini bergan abituriyentga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi.
Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligiga kelishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2023-2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi