Abituriyentlar uchun vakant o‘rinlar ro‘yxati e’lon qilindi

Jamiyat

image

Kecha, 22 avgust kunidan abituriyentlar qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishni boshlagan edi. Bugun, 23 avgust kuni joriy o‘quv yili uchun abituriyentlar o‘rtasida qo‘shimcha tanlov o‘tkazish maqsadida vakant o‘rinlar mavjud bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘shimcha tanlov uchun OTMlarning umumiy qabul parametrlari doirasida qolgan bo‘sh o‘rinlar kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimlangan.

Vakant o‘rinlar OTMlar, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shakli hamda ta’lim tili kesimida ko‘rsatilgan. Shuningdek, ro‘yxatda har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fanlar majmuasi ham keltirilgan.

Abituriyentlar qo‘shimcha tanlov uchun vakant o‘rinlar taqsimoti bilan ilova qilingan PDF-fayl orqali batafsil tanishishlari mumkin.

Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida 80 ta oliy ta’lim muassasasida jami 31 823 ta vakant o‘rin mavjud.

Ma’lumot uchun, qo‘shimcha tanlovda kirish imtihonlarida kamida 56,7 ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ishtirok etishi mumkin. Mazkur imkoniyat ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlarga ham beriladi.

Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish uchun 22 avgustdan 28 avgustga qadar (shu kuni ham) agentlikning my.uzbmb.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing