IIV Abdulloh Zufarning qayerdaligini aytganlarni mukofotlamoqchi

Jamiyat

image

Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga da’vat qilgani uchun xalqaro qidiruvga berilgan Abdulloh Zufarning (Zofir G‘afforov) aniq manzilini aytgan shaxslarni amaldagi qonunchilikka asosan mukofotlaydi.

Vazirlik Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Abdulloh Zufar internet tarmog‘idagi noqonuniy targ‘ibot faoliyati orqali fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatchilikning oshishiga, oilalar parokandaligiga, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarda ziddiyatlarga, farzandlarning qurolli mojarolar davom etayotgan hududlarga chiqib ketishlariga asosiy sabab bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosalariga ko‘ra, Abdulloh Zufarning aksariyat ma’ruzalari O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan ag‘darishga xizmat qiluvchi va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni respublika hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash va tarqatish taqiqlanadi.

Shu sababli fuqarolar Abdulloh Zufarning diniy ma’ruzalari aks etgan har qanday ko‘rinishdagi diniy materiallarni respublika hududiga olib kirishi, saqlashi (shu jumladan, kompyuter, noutbuk, telefon apparatlari va boshqa elektron ma’lumotlarni saqlash/tashish qurilmalarida) va tarqatishi (og‘zaki, yozma, elektron ko‘rinishda va h.k.) Jinoyat kodeksining 159, 244 prim 1 va 246-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka hamda uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.

Abdulloh Zufarga nisbatan respublika huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, uning hozirgi kundagi aniq manzili, aloqa vositalari, jinoiy aloqalari hamda boshqa tergov uchun ahamiyatli ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarga, basharti ularning ma’lumotlari tasdiqlangan taqdirda amaldagi qonunchilikka asosan mukofot pullari taqdim etiladi.

“Agarda, yuqoridagi ma’lumotlarni taqdim etgan shaxslarning o‘zlari qidiruvda bo‘lsa, ularni jinoiy javobgarligini yengillashtirish va mamlakatga qaytarish choralari ko‘rib chiqiladi.

Abdulloh Zufar haqida ma’lumotlarga ega shaxslar Ichki ishlar vazirligining 102 qisqa, (+998) 71 231-34-33 raqamlariga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishlari mumkin”, deyiladi IIV xabarida.

Vazirlik ma’lumot taqdim etgan shaxslarning maxfiyligi sir saqlanishi kafolatlanishini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

IIV qidiruv

Baholaganlar

1646

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing