Abdulla II Blinkenni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi

Olam

image

Iordaniya qiroli Abdulla II AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni qabul qilib, unga Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini davom ettirishining “halokatli oqibatlari” haqida gapirdi. Bu haqda “Times of Israel” gazetasi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Iordaniya qiroli Amerika diplomatiyasi rahbariga Vashington hozirgi vaziyatda “muhim rol o‘ynashi va Isroilga bosim o‘tkazib, uning G‘azo sektorida zudlik bilan sulh tuzishga ko‘ndirishi kerak"ligini ta’kidlagan.

Davlat departamentiga ko‘ra, tomonlar “gumanitar yordam ko‘rsatish masalasida kelishib olgan”. O‘z navbatida, Blinken Qo‘shma Shtatlar falastinliklarning G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridan majburan ko‘chirilishiga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

“Kotib Blinken Qo‘shma Shtatlar mustaqil Falastin davlatini barpo etish orqali isroilliklar va falastinliklar uchun barqaror tinchlik va xavfsizlikka erishishga sodiqligini aytib o‘tdi”, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

“Associated Press” agentligining yozishicha, Blinken Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Ayman al-Safadiy bilan ham uchrashgan va Butunjahon oziq-ovqat dasturining Ammandagi omboriga tashrif buyurgan, u yerda G‘azo sektoriga yetkaziladigan insonparvarlik yordami saqlanadi.

Davlat kotibi bungacha Kritda Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan ham uchrashgan. Ular Yaqin Sharqdagi davom etayotgan vaziyatni muhokama qilgan. Davlat kotibi Bosh vazirga Gretsiyaning “mintaqaviy yetakchiligi, jumladan, Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlagani, G‘azodagi tinch aholiga hayotni saqlaydigan insonparvarlik yordami yetkazgani va “Prosperity Guardian” operatsiyasida ishtirok etayotgani uchun” minnatdorlik bildirgan.

Blinken Qatarda ham bo‘lib, mamlakat rahbariyati bilan uchrashgan. U Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazgan va unda Falastin-Isroil mojarosi kengayishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

“Bu osonlikcha metastaz berishi mumkin bo‘lgan mojaro. Bu esa xavfsizlikning yanada buzilishiga va azob-uqubatlarning kuchayishiga olib keladi. Qo‘shma Shtatlar boshdanoq mojaro kengayishiga yo‘l qo‘ymaslikka e’tibor qaratgan. Bu mening 7 oktyabrdan beri Yaqin Sharq mintaqasiga to‘rtinchi tashrifimning asosiy mavzusi”, degan AQSH Davlat kotibi.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, u tashrifi chog‘ida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis, Iordaniya qiroli Abdulla II va Qatar Bosh vaziri bilan bo‘lgan suhbatlarida shu mavzuni ko‘targan. 

“Biz barchamiz bu mojaro kengaymasligini ta’minlash tarafdorimiz”, deya ta’kidladi Amerika tashqi siyosat idorasi rahbari.

Ma’lumot uchun, Blinkenning mintaqa davlatlariga safari 4 yanvardan 11 yanvargacha davom etadi. U Turkiya, Gretsiya, Iordaniya va Qatardan tashqari BAA, Saudiya Arabistoni hamda Isroil va G‘arbiy Sohilga ham boradi. So‘ngra u safarini Misrda yakunlaydi.

Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni Blinken Istanbulga yetib borgan, ertasi kuni mamlakat Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashgan va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an qabulida bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Gretsiya Yaqin Sharq Qatar Iordaniya Entoni Blinken Kiriakos Mitsotakis Abdulla II

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made