20 mingdan ortiq ob’ekt optik tolali internet bilan qamrab olinadi – Aripov
Jamiyat
−
23 Oktabr 2019
4369Avval xabar berganimizdek, kecha, 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga tashrif buyurdi. Abdulla Aripov Rossiya Federatsiyasi Hukumati rahbari Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Bosh vaziri Moskvada tashkil etilgan "Ochiq innovatsiyalar - 2019" forumida ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish sohasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Forum moderatori, fizika-matematika fanlari doktori Ivan Oseledets O‘zbekiston Bosh vaziriga murojaat qilar ekan o‘z so‘zini O‘zbekistonning ming yillik tarix va ajoyib oshxonasi haqida gapirdi. Shundan so‘ng u aksariyat tanishlaridan eshitgani, O‘zbekistonni hech qanday ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan, raqamli sivilizatsiyadan charchaganlar rohatlanib dam olishi mumkin bo‘lgan mamlakat deb bilishini aytdi.
"Respublika mustahkam raqamli taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. O‘zbekiston bu sohada nimalarni asosiy vazifa deb biladi?", deya savol berdi Oseledets.
"Albatta, O‘zbekistonda bo‘lmaganlar shunday fikrlasa kerak. Birinchidan, O‘zbekiston zamon bilan, dunyo bilan teng qadam tashlamoqda, birgalikda rivojlanmoqda. Bizda ham raqamli texnologiyalar rivojlanib boryapti va biz boshqalar bilan oramizdagi farqni qisqartirish uchun harakat qilmoqdamiz", dedi Abdulla Aripov.
O‘zbekiston Hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, raqamli infrastruktura bilan ta’minlanganlik borasida mamlakatlar o‘rtasidagi farq va notenglik saqlanib qolmoqda. Xalqaro elektr aloqa ittifoqining ma’lumotlariga ko‘ra, Yer yuzi aholisining 40 foizdan ortig‘i internetdan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
"Biz mamlakat aholisining yarmi istiqomat qiladigan qishloq joylarni raqamli imkoniyat bilan ta’minlash muammosiga to‘qnash kelganmiz. Menimcha, bu muammo ko‘plab davlatlarda mavjud. Ushbu muammoni hal qilish uchun respublikada raqamli infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha maxsus Prezident dasturi amalga oshirilmoqda.
Xususan, kelgusi yil oxirigacha, mamlakatdagi barcha ijtimoiy ob’ektlar, xususan maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va tibbiyot muassasalari, ya’ni 20 mingdan ortiq ob’ektlar optik tolali aloqaga asoslangan keng polosali internet bilan qamrab olinadi.
Mobil tarmoqlar abonentlari sonini 20-23 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan", dedi Abdulla Aripov.
Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan 5G mobil tarmog‘ini kelgusi yilda Toshkentda tijoriy maqsadda ishga tushirish maqsad qilingan.
LiveBarchasi