Abdulaziz Komilov AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha vakili bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiton Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar afg‘on mojarosini hal qilishning hozirgi holati istiqbollarini hamda mintaqada tez muddatlarda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashuvchi choralarni muhokama qilgan. Afg‘onlararo muzokaralarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy savdoni rivojlantirish, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashuvini tezlashtirishga o‘zaro intilishning mavjudligi ta’kidlangan.

AQSHning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili joriy yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya ishida ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Republikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashgandi. Komilov va Blinken o‘rtasidagi muhokama mavzusi ham Afg‘onistondagi vaziyat bo‘ldi. Shundan so‘ng, Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ham, asosan, Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov Toshkent shahriga siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajali muloqotida ishtirok etish uchun kelgan Yevropa tashqi faoliyat xizmati bosh kotibi o‘rinbosari Enrike Mora bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing