Abdulaziz Komilov Hindiston TIV rahbari bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 25 fevral kuni Nyu-Dehli shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Hindiston ko‘p qirrali munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollari, xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan onlayn-sammit davomida erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berganligini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yangi zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratishga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish hamda ijtimoiy va infratuzilma ahamiyatiga ega loyihalarni amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari BMT, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha fikr almashdi.

Afg‘oniston ishtirokidagi “Hindiston – Markaziy Osiyo” vazirlar muloqotining mintaqalararo hamkorlikni jadallashtirish, uning mexanizmlarini takomillashtirish hamda Afg‘onistonda barqaror tinchlikni o‘rnatishdagi muhim ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Hindiston tomoni joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.

Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov O'zbekiston-Hindiston

Baholaganlar

13

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing