Aholining jismoniy tayyorgarlik holati baholanadi — Prezident qarori

Jamiyat

image

2021 yil 1 avgustdan boshlab aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi. Bu haqda kecha, 16 iyun kuni imzolangan “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilandi.

Hujjatga muvofiq quyidagilar uning asosiy maqsadi hisoblanadi:

•    jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;
•    yoshlarda iroda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat hislatlarini rivojlantirish, yurtimiz sharafini himoya qila oladigan, jismonan baquvvat va intellektual salohiyatli Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlash;
•    respublikada aholini sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;
•    aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning xalqaro standartlari va ilg‘or xorijiy tajribasini tatbiq etish.

Sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining 7 yoshdan 75 yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi. Ular ularning pog‘ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdan iborat bo‘ladi.

Turizm va sport vazirligi sport sinovlari tadbirlari o‘tkazilishining tashkilotchisi hisoblanadi.

Sport sinovlari ishtirokchilariga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi hamda ular sovg‘alar bilan rag‘batlantiriladi.

Sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslar uchun “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi. Bunda, g‘oliblar I, II, va III darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanadi.

Sport sinovlarining maxsus talablarini muvaffaqiyatli bajargan shaxslar bir yil mobaynida quyidagi imtiyozlar va rag‘batlantirishlardan foydalanadi:

•    safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat to‘lovining 50 foizini chegirma bilan to‘laydi va muddatli harbiy xizmatga birinchilar qatorida ustunlik bilan yuboriladi;
•    maxsus talablarni bajargan g‘oliblarga (I o‘rin) “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o‘qishga kiradi, ularga umumiy foydalanishdagi davlat yo‘lovchi tashish shahar transportida bepul hamda hududlararo harakatlanishda 50 foiz chegirmali to‘lov bilan imtiyozli yurish huquqi beriladi (taksi, shu jumladan, yo‘nalishli taksi mustasno);
•    bepul tarzda davlat tuman (shahar) ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bir martalik chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi;
•    farzandlari yashayotgan joydagi umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shuningdek, yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz joylashtiriladi;
•    respublika miqyosida ishga yoki o‘qishga qabul qilinishida jismoniy tayyorgarlik talab etiladigan imtihon (oliy ta’lim muassasalari sport yo‘nalishlaridan tashqari), sinov, amaliy mashg‘ulotlarda ustunlik (imtihonda maksimal ball yoki amaliy mashg‘ulotlardan ozod qilinishi) beriladi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

•    Sport sinovlarining o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi;
•    Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sport sinovlarining o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha hududiy ishchi guruhlarining namunaviy tarkibi.

Shuningdek, sport sinovlarini baholash tizimi me’yorlari, sport razryadlari va unvonlari, o‘tkazish grafiklari va ishtirokchilar uchun tavsiyalar platformasi ishlab chiqiladi hamda sport sinovlari ishtirokchilari haqidagi yagona elektron baza yaratiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing