Aholini gaz va “svet” bilan to‘liq ta’minlab, qo‘shimcha daromad olish mumkinligi aytildi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2020
10483O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash hamda hisob-kitobni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali aksiz solig‘idan qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ tushirish imkoni mavjud. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2021 yilgi byudjet parametrlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan byudjet tushumlarini to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Buning uchun 2021 yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan o‘sishga erishish kerak bo‘ladi. Inflyatsiya darajasi va byudjet defitsitini prognoz ko‘rsatkichlaridan oshirmaslik ham muhim ekani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga ushbu vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda 600 ming ish o‘rnini legallashtirish, 53 ta idoraning ma’lumotlar bazasini integratsiya qilish, markirovka qo‘llaniladigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga byudjetga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish mumkinligi aytib o‘tildi.
Yirik korxonalarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish ham rejalashtirilmoqda. Elektr energiyasi bilan ichki bozordagi ehtiyojni uzluksiz ta’minlash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan qo‘shimcha 250 milliard so‘m byudjetga daromad tushishi kutilmoqda.
Energetika vazirligiga shu bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Transport vazirligiga keyingi yili qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga byudjetga tushumlarni 2019 yildagi ko‘rsatkichlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.