70 ta hokimlikda qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani aniqlandi
Jamiyat
−
20 iyul
4132O‘zbekistonning 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman va shahar hokimliklaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi darajasini o‘rganish maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘rganish ishlarida 70 ta tuman va shahar hokimliklarida qayta aloqa tizimi samarasiz tashkil etilgani, xususan, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldirilgani aniqlangan. Bunday holatlar eng ko‘p Qashqadaryo viloyatida, eng kam holat esa Navoiy viloyatida kuzatilgan. Jumladan:
- Qashqadaryo viloyati – 11 ta tuman va shahar;
- Andijon viloyati – 10 ta;
- Toshkent viloyati – 8 ta;
- Farg‘ona viloyati – 7 ta;
- Xorazm viloyati – 7 ta;
- Namangan viloyati – 6 ta;
- Samarqand viloyati – 4 ta;
- Surxondaryo viloyati – 4 ta;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 4 ta;
- Toshkent shahri – 3 ta;
- Buxoro viloyati – 2 ta;
- Sirdaryo viloyati – 2 ta;
- Jizzax viloyati – 1 ta;
- Navoiy viloyati – 1 ta.
Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida 9 ta tuman va shahar hokimliklari (Asaka, Xiva, O‘rta Chirchiq, Hovos, Uzun, Sariosiyo tumanlari va Buxoro, Navoiy, Bekobod shaharlari hokimliklari) rasmiy veb-saytlarida ularga tegishli bo‘lgan ishonch telefonlari e’lon qilinmagani aniqlangan.
Qorovulbozor, Romitan, Shofirkon, Vobkent tumanlari va Buxoro shahar hokimliklarining rasmiy veb-sayti esa ishchi holatda emasligi ma’lum bo‘ldi. Forish, Tomdi, Parkent, So‘x, Qorao‘zak, Xo‘jayli tumanlari va Guliston, Chirchiq shaharlari hokimliklarining telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilinganda, mas’ul xodimlar tomonidan og‘zaki murojaat qoldirish imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilingan.
“Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ushbu holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi”, deyilgan xabarda.
LiveBarchasi