70 dan ortiq bola qizamiq yuqtirib oldi. Maktablar onlayn shaklga o‘tishi mumkin
Olam
−
04 aprel 2023
26981Qozog‘istonning Olmaota shahrida bolalarning qizamiq bilan kasallanishi bo‘yicha 73 ta holat qayd etildi. Kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida maktablar onlayn shaklga o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asel Qoliqova ma’lum qilgan.
“Joriy yilning 3 aprel holatiga ko‘ra, qizamiqning laboratoriya tomonidan tasdiqlangan 73 ta holati qayd etilgan. Shulardan 7 nafari 1 yoshgacha, 38 nafari 1 yoshdan 4 yoshgacha, 15 nafari 5 yoshdan 9 yoshgacha, 7 nafari 10-14 yoshli bolalardir. Shuningdek, 20-29 yoshdagi 4 kishida kasallik holati qayd etilgan”, deydi Qoliqova.
Kasallikning 15 ta holatda maktab o‘quvchilari, 3 ta holatda axloq tuzatish va tarbiya muassasalariga qatnaydigan bolalar o‘rtasida, 4 tasi xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar o‘rtasida qayd etilgan.
“73 ta holatning 56 tasi yoki 76,7 foizi qizamiqga qarshi o‘z vaqtida emlanmaganlarda aniqlangan. Shu jumladan, 25 ta holat ota-onalarning emlashdan bosh tortishi bilan bog‘liq”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Shuningdek, boshqarma tomonidan kasallikning yanada kuchayishi holati kuzatilsa, maktablarni onlayn shaklga o‘tkazish chorasi ko‘rilishi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, qizamiq o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, dunyodagi eng yuqumli infeksiyalardan biridir. Qizamiq uchun yuqumlilik indeksi 93-95 foizni tashkil qiladi. Virus havo tomchilari orqali yuqadi.
Qizamiq o‘zini yuqori isitma, intoksikatsiya, yo‘tal, burun oqishi, fotofobiya, teri va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardalarida toshmalar shaklida namoyon qiladi.
Kasallik infeksiyadan keyin 7-18 kun ichida rivojlanadi. Qizamiq uchun maxsus davolash mavjud emas. Qizamiqning oldini olishning yagona ishonchli vositasi o‘z vaqtida emlanishdir.
LiveBarchasi