7,7 milliard kub metr. O‘zbekiston Rossiyadan gaz hajmini yildan yilga oshiryapti

Jamiyat

image

Rossiya gazini Xitoyga “Sibir kuchi” quvuri orqali yetkazib berish 2025 yilda to‘rtdan bir qismga, “Markaziy Osiyo– Markaz” tizimi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish esa 30 foizga oshdi. Bu haqda Xalqaro energetika agentligining gaz bozori bo‘yicha hisobotida so‘z borgan. 

“Rossiya gazining Xitoyga “Sibir kuchi” quvurlar tizimi orqali eksporti 25 foizga (yoki deyarli 8 milliard kub metrga) oshdi va 2025 yilda qariyb 39 milliard kub metrga yetdi. Bundan tashqari, Rossiya  “Markaziy Osiyo – Markaz” quvuri orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni ko‘paytirishda davom etdi, buning natijasida ushbu yo‘nalishdagi umumiy eksport hajmi taxminan 30 foizga o‘sib, 2025 yilda 7 milliard kub metrdan oshdi”, deyiladi hisobotda.  

Avvalroq “Gazprom” 2025 yil oxirida birinchi marta Xitoyga Yevropaga qaraganda ko‘proq gaz yetkazib bergani, bu hajm 38,8 milliard kub metr tashkil etgani haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, “Gazprom” Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga Rossiya gazini yetkazib berishni 22,2 foizga, Gruziyaga esa 40,4 foizga oshirgani aytilgandi. 

“Sibir kuchi” Rossiya sharqidagi eng yirik gaz tashish tizimi bo‘lib, gaz quvurining eksport quvvati yiliga 38 milliard kubometr gazni tashkil etadi. “Gazprom” va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida 2014 yilda tuzilgan 30 yillik shartnomaga ko‘ra, Rossiya gazini Xitoyga sharqiy yo‘nalish bo‘yicha birinchi quvur orqali yetkazib berish 2019 yil dekabr oyida boshlangan. Butun muddat davomida yetkazib berishning umumiy hajmi 1 trillion kub metrdan oshadi, shartnoma miqdori – 400 milliard dollar. 

“Gazprom” rahbari Aleksey Millerning ma’lum qilishicha, kompaniya 2024 yil 1 dekabrdan boshlab “Sibir kuchi” gaz quvurini Xitoyga yiliga 38 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha maksimal loyiha quvvatiga olib chiqqan. “Sibir kuchi” bo‘yicha yetkazib berish 2025 yilda shartnoma majburiyatlaridan qariyb 800 million kub metrga oshgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya tabiiy gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali tranzitiga start berdi. Ushbu quvur orqali O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib olishi belgilangandi. 

Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya 2025 yilda O‘zbekistonga 7,7 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib bergan. Biroq, gazni qanchadan sotib olinayotgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

2023-2024 yillardagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya gazini 1000 kub metri uchun taxminan 160 dollar atrofida xarid qilgan. 2025 yil uchun ham narxlar shu darajada yoki bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, bir oz farqli bo‘lishi mumkin. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkmaniston va Rossiyadan gaz importi uchun jami xarajatlari 1,6 milliard dollarni tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz gazprom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing