69 kun yer ostida: dunyoni larzaga solgan fojia
Tahlil
−
23 Oktyabr 1279 3 daqiqa
Yer ostida tiriklayin ko‘milib qolgan 33 nafar konchi. Yer yuzida esa yaqinlarini qutqarishga ojiz qolgan oila a’zolarining iztirobi va hamkasblarini hayotga qaytarish uchun tinmay kurashayotgan insonlar.
Hammasi 2010 yil 5 avgust kuni boshlandi.
Chilining shimolidagi Atakama cho‘lida joylashgan San-Xose konida oltin va mis qazib olinardi. O‘sha kuni kon ichida 33 nafar ishchi bor edi. Kutilmaganda kuchli o‘pirilish yuz berdi. Tog‘ jinslari kon yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Ishchilar yer ostida qolib ketdi. Aloqa butunlay uzildi. Kunduzgi smenada ishlagan konchilar uyga qaytmagach, asta-sekin ularning oila a’zolari kon atrofiga yig‘ila boshladi.
Konchilarning yaqinlari orasida Aleksning otasi Xose Vega ham bor edi. U mardlik ko‘rsatib, qutqaruv guruhini to‘pladi. Ular konning kirish yo‘lagidan pastga tushib, to‘silib qolgan yo‘laklardan o‘tishga urinishdi.
“Konning pastki qismi, shifti, hatto yon tomonlari ham yorilgan edi. Turli joylarda toshlar qulayotganini ko‘rdim. Rostini aytsam, qo‘rqinchli edi. Juda qo‘rqinchli”, deya Xose Vega konning dahshatli holatini tasvirlaydi.
Xose oxiri ko‘rinmaydigan kon ichkarisiga chuqurroq kirib bordi. Ammo to‘satdan uning yo‘lini qulagan toshlarning ulkan bo‘lagi to‘sib qo‘ydi. U toshlar ostidan o‘tadigan shaxtani topdi, biroq shu payt yer yana silkinib ketdi. Ikkinchi qulashi Xoseni o‘g‘lining tirik yoki o‘likligini bilmasdan konni tark etishga majbur qildi. Chunki u qutqaruvga qaratilgan bu urinishlar yer ostidagi konchilarning ahvolini yanada og‘irlashtirib yuborishidan qo‘rqardi.
Konchilik vaziri Lorens Golborn qutqaruv ishlariga texnikalarni jalb qilish zarurligini va vaziyat jiddiyligini tushunib yetdi. U burg‘ilash orqali konchilarning qayerda ekanini aniqlashga qaror qildi. Buning uchun kon xaritalaridan foydalanildi. Biroq xaritalardagi ma’lumotlar bilan haqiqiy yo‘laklar o‘rtasidagi tafovut ishni yanada qiyinlashtirdi.
“Biz tez burg‘ilashimiz kerak. Chunki yer ostidagi konchilarning yashashi uchun atigi bir necha kun vaqt borligini bilardik. Shundan keyin kislorod tugashi mumkin edi. Bedarak yo‘qolgan konchilarning yaqinlari va oila a’zolari esa tobora ko‘proq to‘planishmoqda”, deya qutqaruv ishlaridagi asosiy qiyinchiliklarni muhandislardan biri izohlaydi.
Kon yaqinida qarindoshlar uchun lager tashkil etildi. Keyinchalik bu joy “Umid lageri” nomi bilan tanildi. Kunlar o‘tib borardi, biroq 33 ishchining taqdiri hamon noma’lum edi.
Konchilardan birining rafiqasi esa umidini yo‘qotmay, shunday deydi: “Erim kunduzgi smenada muhandis bo‘lib ishlagan. U pastda, men esa uni shu yerda kutyapman. Uyda uning ikki farzandi bor. U kuchli, u albatta chiqadi”.
Falokatdan 17 kun o‘tib, qutqaruv amaliyotidagi eng muhim burilish yuz berdi.
Erta tongda barcha burg‘ilash uskunalari to‘xtadi. Qurilmalardan biri tunnelga yaqinlashib bordi. Hamma jimlikka cho‘mdi. Muhandislar burg‘ilash quvuri orqali eshitilayotgan zaif taqillash tovushlariga quloq tutishdi.
Keyingi olti soat davomida uskunaning yuqoriga tortib olinishini kutishdi. Nihoyat, u yer yuziga chiqarilganda, uning uchiga bir xat bog‘langan edi. Unda ispan tilida shunday yozilgandi:
“Estamos bien en el refugio, los 33”.
Ya’ni: “Boshpanadamiz, 33 kishining ham ahvoli yaxshi”.
Bu bir necha so‘z butun vaziyatni o‘zgartirib yubordi. 33 nafar konchi tirik edi!
Bu haqdagi batafsil hikoyani YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Muxlisa Xolmatova
Live
Barchasi23 Oktyabr