6 yashar qiz jahon rekordini ikki bor yangiladi (video)
Olam
−
16:21 1929 2 daqiqa
Xitoylik 6 yoshli Lyan Yunchji 3x3x3 o‘lchamdagi Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon rekordini uch kun ichida ikki marta yangiladi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sichuan provinsiyasidan bo‘lgan Lyan Yunchji Uxan va Guanchjou shaharlarida o‘tkazilgan musobaqalarda ishtirok etgan. U dastlab kubikni o‘rtacha 4,52 soniyada yig‘ib, jahon rekordini o‘rnatgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, u o‘z natijasini yana yaxshilab, Rubik kubigini o‘rtacha 4,27 soniyada yiqqan. Shu tariqa Lyan Yunchji dunyoda 3x3x3 Rubik kubigini o‘rtacha 4,5 soniyadan kam vaqtda yig‘a olgan yagona ayol ishtirokchiga aylangan. Yosh ishtirokchi bunday natijaga bir yil davomida olib borgan jadal mashg‘ulotlari orqali erishgan. U har kuni 2-3 soat vaqtini Rubik kubigini yig‘ishga sarflagan.
Ma’lum qilinishicha, Lyan Yunchji hozirga qadar kubikni yig‘ishning 1300 dan ortiq algoritmini o‘zlashtirgan.
Ma’lumot uchun, Rubik kubigi o‘z nomi uning ixtirochisidan olingan. Ushbu boshqotirma o‘yinchoq 1974 yilda vengriyalik ixtirochi, arxitektor va haykaltarosh Ernyo Rubik tomonidan ixtiro qilingan. Boshqotirma tez orada keng ommalashgan va u ixtirochisining nomi bilan ataladigan bo‘lgan. Polshada bu o‘yinchoq “Kostka Rubika” deb ataladi, ixtirochining vatani Vengriyada esa u “sehrli kub” deb nomlanadi. Rubik kubigining ixtirochisi hozirgacha Vengriyada yashaydi, biroq u o‘z ixtirosining muxlislari hayotida unchalik faol ishtirok etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9 yoshli Teodor Zayder Gdansk Speedcubing League musobaqasida Rubik kubigini 2,766 soniyada yig‘ib, yangi rekord egasiga aylangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi