6 viloyatda 26 ta ko‘prik ayanchli ahvolga kelib qolgan

Jamiyat

image

Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan jami 26 ta ko‘prikning tayanchlari qaltis vaziyatga kelib qolgan. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi ma’lum qildi.

Inspeksiya tomonidan Respublikadagi ko‘priklar holati o‘rganilganda, daryo va soylarning o‘zanlaridan – tosh, qum va shag‘alning nazoratsiz va noqonuniy ravishda qazib olinishi natijasida, ayrim ko‘priklarning oraliq tayanchlari kritik qiymatlardan ortiqcha yuvilib ketganligi aniqlangan.

Ammo Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 dekabrdagi 342-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo‘llarida xavfsizlikni ta’minlash va tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 26-bandiga ko‘ra, daryolardagi ko‘priklardan – o‘zan bo‘ylab yuqoriga va pastga qarab 2,5 kmgacha bo‘lgan masofada qum va toshlar qazib olish uchun karerlar barpo etish taqiqlangan.

“Mazkur talab bajarilmaganligi oqibatida, suv o‘zani sathining pasayishi sababli Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida barpo qilingan jami 26 ta ko‘prikning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan”, deyiladi inspeksiya xabarida.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi – Qoradaryo, Zarafshon, Oqdaryo, “Darg‘om” kabi daryo va kanallar ustiga qurilgan 10 ta, Surxondaryo viloyatidagi – Obizarang, To‘palang, Surxon, Oltinsoy daryolari ustidan o‘tgan 6 ta, Qashqadaryo viloyatidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi – Sangzor daryosi ustidan o‘tgan 3 ta, Toshkent viloyatidagi – Chirchiq va Angren daryolari ustidan o‘tgan 2 ta hamda Andijon viloyatidagi Aravonsoy ustidan o‘tgan 1 ta ko‘prik joylashgan o‘zanlarda karerlar faoliyati tugatilmagan. Ya’ni ular noqonuniy ravishda o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda. 

“Bundan tashqari mazkur ko‘priklarni saqlashga mas’ul bo‘lgan korxonalar tomonidan – ularni ta’mirlash, tayanchlarini himoyalash bo‘yicha lozim bo‘lgan chora-tadbirlar amalga oshirilmagan”, deya qo‘shimcha qilingan.

Inspeksiya tomonidan – ko‘priklarning tayanchlarini yuvilishdan saqlash, yaroqsiz holga kelib qolishining oldini olish, noqonuniy karerlar faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha – Vazirlar Mahkamasiga ham tegishli axborotlar kiritilgan. O‘z navbatida hukumat tomonidan – sohaga mas’ul idoralar rahbarlari qattiq ogohlantirilib, ko‘priklar joylashgan daryo o‘zanlarini tozalash, u yerlardagi karerlar faoliyatini tugatish, bu ishlarni qat’iy tartibda amalga oshirish bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarga zaruriy o‘zgartirishlar kiritish, ko‘priklarning tayanchlarini himoyalash va ta’mirlash yuzasidan tezkor choralar ko‘rilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

ko'prik

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing