6 mingdan ortiq pedagog xodim qiynalib kelardi – Shermatov propiska islohoti bo‘yicha bayonot berdi
Jamiyat
−
24 aprel 2020
5514 Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov propiska tizimi isloh qilinishi, maktab o‘qituvchilariga berilgan imtiyozlar borasida o‘z munosabatini bildirdi.
“6 mingdan ortiq pedagog xodim Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskadan o‘ta olmay, yillar davomida qiynalib kelardi. Ushbu Farmon ularning oilalariga xursandchilik olib kelishi aniq.
To‘g‘risi, o‘zim Toshkentda tug‘ilib o‘sganim uchun propiska degan masalaga avval unchalik e’tibor qilmasdim. Lekin Xalq ta’limi vazirligiga o‘tgandan keyin propiska bo‘yicha yuzlab murojaatlarni ko‘rib, biroq rahbar sifatida ularga yordam bera olmaslikni boshdan o‘tkazgandan keyin, bu masala ushbu soha xodimlari uchun qanchalik zarur ekanini his qilishga to‘g‘ri kelgan edi.
Maktablardagi oyliklar yillar davomida past bo‘lgani sababli toshkentliklar orasida maktabga ishga kirib ishlashni xohlovchilar ko‘p bo‘lmagan. Bunday sharoitda ishlash uchun esa ko‘pgina maktablar boshqa hududlardan kelgan xodimlarnigina ishga taklif qila olgan.
Lekin, shu og‘ir mehnatiga qaramay, propiska degan rasmiyatchilikni deb, ular o‘z uyi bo‘lsa ham unga qonuniy egalik qila olmagan. Mana, Prezidentimizning ushbu Farmonlari bilan barcha davlat tashkilotlarida 5 yil ishlab kelgan xodimlar uchun propiska muammosi hal bo‘ldi. Shuning uchun bu Farmondan son jihatdan eng ko‘p xursand bo‘lganlar aynan xalq ta’limi sohasidagilar bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman”, deydi vazir o‘z bayonotida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyonev propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha tegishli farmonni imzoladi.Farmonda propiska olishda bir qancha yengilliklar olish nazarda tutilgan bo‘lib, ular ichida ikkilamchi bozordan uy sotib olish va davlat tashkiloti xodimlariga beriluvchi imtiyozlar ham o‘rin olgan
LiveBarchasi