50 yillik avtomobillardan foydalanish tartibiga aniqlik kiritildi (video)
Jamiyat
−
06 fevral 6141 1 daqiqa
Ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan, asl holati, ya’ni tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va asosiy agregatlari saqlanib qolgan avtotransport vositalari “antikvar” deb hisoblanadi va foydalanishga ruxsat beriladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Joriy yilning 1 fevralidan boshlab O‘zbekistonda ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish, ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlangandi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti mazkur tartibga aniqlik kiritib, antikvar deb topilgan avtotransport vositalari bundan mustasno ekanini bildirdi.
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan, asl holati, ya’ni tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va asosiy agregatlari saqlanib qolgan avtotransport vositalari “antikvar” deb hisoblanadi va bu kabi transport vositalari uchun yangi joriy etilgan ANT seriyali alohida davlat raqam belgilari taqdim etiladi.
“Fuqarolar bu kabi avtomobillariga davlat raqam belgilarini olish uchun joriy yilning 1 fevral kunidan boshlab hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga murojaat etishlari lozim bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Javohir Aliqulov
Live
Barchasi