5 yilda qancha mansabdor korrupsiya uchun jazolangani aytildi
Jamiyat
−
18 dekabr 2021
4178Oxirgi 5 yilda O‘zbekistonda korrupsion jinoyatga qo‘l urib, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 14 mingdan oshgan. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov joriy yilning 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan konferensiyadagi nutqida aytib o‘tdi.
O‘z nutqida adliya vaziri jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda prokuratura organlarining roliga to‘xtalib o‘tdi.
Vazirning ta’kidlashicha, Konstitutsiyaning 118-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Bosh prokuror va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshirishi belgilangan. Ushbu faoliyat oxirgi yillarda jamoatchlikning ko‘z oldida rivojlanib bormoqda. Xususan, oxirgi 3 yilda prokuratura organlari tomonidan qonuniylikni ta’minlash maqsadida jami 540 mingdan ortiq prokuror hujjatlari qo‘llanilgan.
Oxirgi 5 yil davomida O‘zbekistonda korrupsion qilmishni sodir etib, jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar soni 14 mingdan oshgan. Shulardan 160 nafardan ortig‘i respublika miqyosidagi, 1 270 nafardan ortig‘i viloyat miqyosidagi hamda 13 ming nafardan ortig‘i tuman miqyosidagi mansabdor shaxslar.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan 6 oyida 140 mingdan ortiq fuqaroning murojaati hal etilib, 23 mingga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
“Shu bilan birga, tan olish kerak, faqatgina prokuraturaning bir o‘zi qonuniylikni to‘liq ta’minlay olmaydi. Bu jarayonlarda boshqa organlar ham, jamoatchilik ham faol ishtirok etishi kerak. Nazorat-tekshiruv sohasi hali hamon islohotga muhtoj. Bu o‘rinda biz bugungi kunda respublikadagi turli davlat boshqaruv organlari tarkibidagi 50 dan ortiq nazorat-tekshiruv idoralarini nazarda tutayapmiz. Ularning 10 dan ortig‘i o‘zlari tekshirishi kerak bo‘lgan vazirlik va idoralarga bo‘ysunadi. Bir idorada ham tekshiruvchi, ham tekshiriluvchi bo‘ladigan bo‘lsa, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi ortidan qandaydir qonun buzilish holatlari kelib chiqadi”, deydi Ruslanbek Davletov..
Adliya vazirining fikriga ko‘ra, prokuratura organlari har bir qadamni nazorat qila olmaydi. Bunga resurs yetmaydi. Qolaversa, hech bir davlatda bunday holat ham mavjud emas. Shundan kelib chiqib, nazorat-tekshiruv idoralari tizimini isloh qilib, prokuratura bilan hamkorligini samarali tarzda yo‘lga qo‘yolsak, bu qonun ustuvorligini ta’minlash nuqtai nazaridan anchagina foydali bo‘ladi.
LiveBarchasi