5 yashar qizning zo‘rlanishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi
3-sahifa
−
16:26 6802 2 daqiqa
Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani va qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, erkakka nisbatan ikkita modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bildirilishicha, ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish jinoyatini sodir etganlik uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bunday toifadagi jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni o‘tash bilan bog‘liq yengilliklar qo‘llanilmaydi.
Hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan voqea yuzasidan voyaga yetmagan jabrlanuvchiga zarur psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda bola va uning oilasiga ko‘mak berish jarayoni davom etmoqda.
Bolalar ombudsmani mazkur ish doirasida jabrlanuvchi bolaning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi yuzasidan kuzatuv olib bormoqda.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat yuzasidan turli tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda. Bolaning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qiluvchi hamda tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatish uning manfaatlariga zid bo‘lishi mumkin.
“OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda shunday mazmundagi xabarlarni yoritishda bola manfaatlariga rioya etishga va mutasaddi tashkilotlar tomonidan rasman e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida maktab qo‘riqlash xizmati xodimi 6-sinf qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi