5 yashar qiz buvisining uyida yonib ketdi
Jamiyat
−
23 dekabr 2019
6229Buxoro shahrida joylashgan xonadonlardan birida mudhish yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada ushbu uyda istiqomat qiluvchi 5 yashar qiz tiriklayin yonib ketdi. Bu haqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati xabar bermoqda.
Voqea 22 dekabrdan 23 dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. 23 dekabr kuni soat 00:48da Buxoro shahrining Maxtumquli ko‘chasida joylashgan 9-uyda yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv qismiga xabar kelib tushgan.
Ma’lum qilinishicha, voqea joyiga 2ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga 9 daqiqada (eng yaqin yong‘in-qutqaruv qismigacha masofa 8 km) yetib borgan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 01:05da qurshab olingan va soat 02:15da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida yashash uyining 45 kv metr maydonda tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan. Saqlab qolingan maydoni 150 kv metr ekani aytilmoqda.
Yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasining 2014 yilda tug‘ilgan qiz nabirasining kuygan holdagi jasadi topilgan. Xabarda qayd etilishicha, yong‘in isitish qozoni dudburonining noto‘g‘ri o‘rnatilishi sababli kelib chiqqan.
Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.