5 ta davlat Isroilning G‘azoni bosib olish rejasini qoraladi
Olam
−
11 avgust 4910 3 daqiqa
Joriy yilning 9 avgust kuni Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Isroil hukumatining G‘azo shahrini nazoratga olishni ko‘zda tutuvchi yangi hujum amaliyotini boshlash qarorini qoralab, qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Beshta davlat Tashqi ishlar vazirlari imzolagan hujjatda aytilishicha, bunday amaliyot “mavjud falokat darajasidagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, garovdagilar hayotini xavf ostiga qo‘yadi va tinch aholining ommaviy ko‘chishi xavfini oshiradi”.
“Isroil hukumati e’lon qilgan rejalar xalqaro gumanitar huquq buzilishiga olib kelishi mumkin”, deb hisoblaydi imzo chekkanlar.
Shuningdek, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari “har qanday anneksiya yoki aholi punktlarini kengaytirish xalqaro huquqni buzadi”, deya qo‘shimcha qilgan.
Ular xalqaro hamjamiyatni bu dahshatli mojaroni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rishga, darhol va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga chaqirgan. Bu esa G‘azoga keng ko‘lamli, tezkor va to‘siqsiz gumanitar yordam yetkazish imkonini berishi kerak. Bayonotda qayd etilishicha, G‘azoga ocharchilikning eng yomon ssenariysi tahdid qilmoqda.
HAMAS tomonidan garovda saqlanayotgan odamlar masalasida esa ular garovdagilarning hech qanday shartsiz, darhol ozod etilishini talab qilgan.
Shuningdek, ushbu mamlakatlar Isroildan xalqaro gumanitar tashkilotlar uchun joriy etilgan ro‘yxatga olish tizimini o‘zgartirishni so‘rab, shunda ular o‘zining muhim ishini gumanitar tamoyillarga muvofiq davom ettirib, G‘azo sektoridagi yordamga muhtoj tinch aholiga yordam ko‘rsatishini qayd etgan.
Ular Yaqin Sharq mojarosini ikki davlat tuzish orqali hal qilishga sodiqligini eslatib o‘tgan. Bayonotda aytilishicha, “ikki davlat tashkil qilish bo‘yicha muzokaralar yo‘li bilan erishilgan siyosiy kelishuv HAMASning to‘liq qurolsizlanishini va uning G‘azo sektorini boshqarishning istalgan shaklidan butunlay chiqarilishini talab qiladi. Bu yerda markaziy rol Falastin Milliy ma’muriyatiga tegishli bo‘lishi kerak.
Eslatib ztamiz, joriy yilning 8 avgustga o‘tar kechasi Isroil hukumati HAMAS harakatini “mag‘lubiyatga uchratish” va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qullagandi. Bu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlarining tungi uchrashuvidan so‘ng – urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqqan ko‘plab isroilliklarning noroziliklariga qaramay qabul qilingan.
Shundan so‘ng, dastlab Isroil muxolifati hukumatning ushbu rejasini keskin tanqid qildi. Xususan, muxolifat yetakchisi Yair Lapid Vazirlar Mahkamasining G‘azoni egallash haqidagi qarori “ko‘plab boshqa muammolarga olib kelishi”ni aytdi.
Keyinroq esa ushbu qaror ortidan Germaniya “keyingi xabargacha” Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatdi. Biroq Germaniyaning Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) partiyasidan bir qator deputatlar Germaniya kansleri Fridrix Mersning ushbu qarorini keskin tanqid qildi.