47 nafar o‘zbekistonlikni Shvetsiyaga noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qamaldi

3-sahifa

image

Tojikistonlik 27 yoshli Rustam Nabiy 47 nafar o‘zbekistonlikni Shvetsiyaga noqonuniy olib o‘tgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “Swedinfo” xabar berdi.

Politsiya Rustamning o‘tgan yil avgust-noyabr oylari orasida kamida 12 ta Stena Line va Landskrona parom reyslarida O‘zbekistondan Shvetsiyaga kamida 47 nafar noqonuniy muhojirni olib o‘tganini isbotlagan. 

Rustam Nabiyning asl kasbi rassom bo‘lib, rafiqasi va bolalari bilan uzoq vaqt Polshada yashagan. Biroq u noqonuniy muhojirlarni Shvetsiyaga olib o‘tib, qo‘shimcha pul ishlashga qaror qilgan.

Politsiya so‘roqlari chog‘ida hibsga olingan noqonuniy muhojirlar Shvetsiyaga nima uchun kelgani haqida gapirib bergan. Ulardan biri u shunchaki sayyoh ekanini va Norvegiyaga sayohat uchun ketayotganini aytgan. 

Boshqalar esa Turkiya, Serbiya, Chexiya, Ispaniya va boshqa bir qancha davlatlar orqali o‘tib, nihoyat Rustamning yordami bilan Shvetsiyaga yetib kelganini aytgan.

Tuman sudi ham, apellyatsiya sudi ham to‘plangan dalillar Rustam Nabiyni aybdor sifatida baholash uchun yetarli, deb hisoblagan. Rustamning o‘zi jinoyatni inkor etib, noqonuniy ish qilganini tushunmagani, faqat yordam berishni xohlaganini aytgan. U hibsga olingan kuniyoq mijozlar bilan muloqotda bo‘lgan mobil telefonidan Telegram’ni o‘chirib tashlagan.

Shvetsiyaning chet elliklar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, odamlarni kontrabanda qilish o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bunday faoliyat bilan shug‘ullanadigan har bir kishi, masalan, siyosiy faollik, oilaviy yoki axloqiy sabablarga ko‘ra, jazodan qutula oladi. Lekin bunday xizmatlar uchun haq olgan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu holatda ham sudlar Rustamning katta miqdordagi pul evaziga odam olib o‘tish bilan shug‘ullanganini aniqlagan. Gap uning bank hisobvarag‘idan o‘tgan, bir necha o‘n minglab shved kronalariga to‘g‘ri keladigan ko‘plab operatsiyalar haqida bormoqda.

Blekinge tuman sudida Rustam Nabiy 2 yil qamoq jazosiga hukm qilinib, 10 yilga deportatsiya qilingan. Rustam hukm ustidan apellyatsiya sudiga oqlanish umidida shikoyat qilgan, biroq buning o‘rniga yana 6 oy muddatga qamoq va qo‘shimcha ravishda umrbod deportatsiyaga hukm qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

o'zbekistonlik Shvetsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing