42 ta davlat Rossiyani qo‘shinlarini ZAESdan chiqarishga chaqirdi

Olam

image

Dunyoning 42 davlati Rossiyani zudlik bilan qo‘shinlarini okkupatsiya qilingan Zaporoje atom elektr stansiyasidan olib chiqishga chaqirdi.

Qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, Rossiya harbiy xizmatchilari va qurol-aslahalarining atom elektr stansiyasiga joylashtirilishi mumkin emas. Bu Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning (MAGATE) barcha a’zolari hurmat qilish majburiyatini olgan xavfsizlik qoidalari va tamoyillariga e’tiborsizlikdir.

“Biz Rossiya Federatsiyasini Zaporoje atom elektr stansiyasidan, uning atrofidan va butun Ukrainadan harbiy kuchlari va boshqa ruxsatsiz xodimlarini zudlik bilan olib chiqib ketishga chaqiramiz, shunda operator va Ukraina hukumati xalqaro tan olingan chegaralar doirasida o‘zlarining suveren majburiyatlarini yana bir bor bajara oladilar. Bu shuningdek, MAGATEga [AESni] tekshirishni Ukraina majburiyatlariga muvofiq o‘z vaqtida va xavfsiz tarzda amalga oshirishga imkon beradi”, deyiladi bayonotda.

Bu bayonot AQSH, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Avstraliya, Yaponiya, Yangi Zelandiya va boshqa o‘nlab davlatlar hamda Yevropa Ittifoqi nomidan qilingan.

Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Natijada kamida bir xodim jarohatlangan. Bundan tashqari, RF Qurolli Kuchlari stansiyani minalagani haqida dalillar mavjud.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Zaporoje atom elektr stansiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli Rossiya atom sanoatiga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirdi. 

“Bu faqat xavfsizlik masalasi. Boshqa davlatlar uchun yadro tahdidini yaratgan har qanday kishi, albatta, yadroviy texnologiyadan xavfsiz foydalanishga qodir emas”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

261

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing