4 yilda mast haydovchilar sabab 322 kishi halok bo‘ldi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda 2020–2024 yillar davomida mast haydovchilar sababli 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va  buning oqibatida 322 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bu haqda kecha, 14 mart kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasiga (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar muhokama qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oliy Majlis Senati qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Mazkur tashabbus doirasida parlamentning yuqori palatasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan huquqiy normalarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan qilmish ehtiyotsizlik oqibatidagi jinoyat sifatida e’tirof etilsa-da, oxirgi vaqtlarda bu turdagi qilmishlar yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari, ayniqsa piyodalar, velosiped haydovchilarining huquqlarini ochiq mensimaslik, ayniqsa muqaddam yo‘l harakati qoidalarini buzgani yoki yo‘l-transport hodisasini sodir etgani uchun transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinganlar, shuningdek, mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etilayotgani kuzatilmoqda.

Xususan, 2020–2024 yillar davomida mast haydovchilar sababli 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi oqibatida davrda 322 nafar fuqaro halok bo‘lgan. 2024 yilning o‘zida transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan ro‘yxatga olingan 405 ta YTH sababli 94 nafar fuqaro vafot etgan.

Bunday holatlar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda va ijtimoiy tarmoqlar orqali amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlanmoqda.

“Shu bois Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralardan olingan fikrlar asosida Jinoyat kodeksining 266-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol buzgan haydovchilarga nisbatan jinoyatning og‘irligini hisobga olgan holda jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi”, deyiladi xabarda.  

Yig‘ilishda Bosh prokuratura, Adliya va Ichki ishlar vazirliklari hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tomonidan taqdim etilgan takliflar asosida ishchi guruh tomonidan berilgan takliflar muhokama qilingan.

Jinoyat kodeksining yuqorida qayd etilgan moddasida belgilangan huquqbuzarlikni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxs yoxud mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kishining aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxs tomonidan sodir etilganda og‘irroq jazo choralarini qo‘llashni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini tayyorlash uchun mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruh shakllantirish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilish yakunida ishchi guruh a’zolari mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari bilan birgalikda qonunchilik takliflarini takomillashtirish va mazkur sohadagi qonunchilik normalarini yanada kuchaytirish yuzasidan ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri hududida 2024 yil davomida 1 280 ta yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lib, mazkur hodisalarning 1 189 tasi tan jarohati, 91 tasi o‘lim kabi og‘ir oqibatlar bilan yakunlangani xabar qilingandi. Shuningdek, 720 ta piyodalar bilan bog‘liq, 98 ta tezlik bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

YTH mast haydovchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing