4 ta viloyatda mansabdorlar pora bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
03 avgust
15699Toshkent, Xorazm, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida bir nechta mansabdorlar pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatida “O‘rta Chirchiq tumangaz” gaz ta’minoti bosh muhandisi non mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan binoni gaz tarmog‘iga ulab berish, texnik hujjatlarni rasmiylashtirish, hisoblagich o‘rnatish, gaz quvurlarini tortish va boshqa ishlarni qilib berish evaziga 8500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xorazm viloyatidagi holatda esa, “Xazorasp erkin iqtisodiy zona direksiyasi” DUK mutaxassisi Qo‘shko‘pir tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni o‘zining mansabdor tanishlari orqali viloyat IIBga ishga kiritib qo‘yishini aytib, evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilgan hamda 3500 AQSH dollarni olgan paytda qo‘lga olindi. Viloyatdagi ikkinchi poraxo‘rlik holati esa Bog‘ot tumanida aniqlangan. Savdo-sanoat palatasining tumandagi mansabdor shaxsi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroning yerga bo‘lgan egalik huquqini qayta tiklab berish evaziga 3 ming AQSH dollari talab qilib, shundan 400 AQSH dollari hamda 1 million 200 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi 2 nafar fuqaroni mazkur birlashmaga ishga qabul qilish evaziga 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatining Samarqand shahrida avtotransport vositalari ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJning bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan Turkiyadan olib kelingan qiymati 850 mln. so‘mlik tovar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan davlat bojlarini bojxona idoralaridagi tanishlari orqali tez va arzon narxlarda bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirib berganligi evaziga 1300 AQSH dollari talab qilgan. U so‘ralgan pulning 1100 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, mazkur ishga aloqador bo‘lgan, Samarqand viloyat bojxona boshqarmasiga qarashli bojxona postlaridan birining boshlig‘i ham 200 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyati va Toshkent shahrida lavozimini suiiste’mol qilgan prokuror va katta inspektor pora bilan qo‘lga tushgani xabar qilingandi.