4 000 000. Koronavirus yana bir “cho‘qqini zabt etdi”
Olam
−
09 may 2020
11088Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni yangi marrani zabt etdi. Bugun, 9 may holatiga COVID-19 bilan kasallanganlar 4 015 107 nafarga yetdi.
Virusning tarqalishi bo‘yicha dastlabki o‘nlikka AQSH (1 322 163 nafar), Ispaniya (260 117), Italiya (217 185), Buyuk Britaniya (211 364), Rossiya (198 676), Fransiya (176 079), Germaniya (170 588), Braziliya (146 894), Turkiya (135 569) va Eron (104 691) kirgan.
Bugungacha ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarning 276 268 nafari vafot etgan. Qurbonlar soni bo‘yicha AQSH (78 616 nafar qurbon), Buyuk Britaniya (31241), Italiya (30 201), Ispaniya (26 299), Fransiya (26 230), Braziliya (10 017), Belgiya (8521), Germaniya (7510), Eron (6541) va Niderlandiya (5359) yetakchilik qilyapti.
Jami bemorlarning 1 387 478 nafar sog‘aygan. Bemorlarning sog‘ayishi bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga AQSH (223 749 nafar sog‘aygan), Ispaniya (168 408), Germaniya (143 300), Italiya (99 023), Turkiya (86 396), Eron (83 837), Xitoy (78 046), Braziliya (59 297), Fransiya (55 782) va Kanada (30 406) kirgan.
Ayni vaqtda 2 302 650 kishi koronavirusdan davolanyapti. Ularning 48 711 nafari yoki 2 foizi og‘ir ahvolda qolyapti.
Koronavirus bemorlari ko‘payib borayotganiga qaramay, Yevropada karantin choralari yumshatila boshlandi. Ammo odatiy turmush tarziga qaytishga hali vaqt bor.
Italiyada uzoq tanaffusdan keyin kafe, bar va restoranlar ochildi. Ammo hozircha ularga kam odam kelyapti. Chunki italiyada sayyohlar qolmagan va yaqin orada ularning mamlakatga kirishiga ruxsat berilmasa kerak.
Fransiyada izolyatsiya rejimi 11 may kuni bekor bo‘ladi. Shaharda bunga tayyorgarlik ketyapti. Hamma joy dezinfeksiya qilinyapti.
Ispaniyada odamlarga ko‘chaga chiqib sayr qilishga ruxsat berildi. Ammo Qirollik sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘chalarda odamlar to‘planmasligi uchun kim qaysi vaqtda nima qilishi mumkinligini belgilab berdi.
Yevropa shaharlarida masofani saqlashga qat’iy rioya qilinyapti. Deyarli barcha shaharlarda uzun navbatlarni ko‘rish mumkin.
Turkiya ham karantin choralarini yumshatishni boshlayapti. Mamlakatda 65 yoshdan kattalar va 20 yoshdan kichiklarga ko‘chaga chiqishga ruxsat berilyapti.
Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham koronavirus infeksiyasi jilovlandi. Hozirda mamlakatda epidemiologik vaziyat ancha barqarorlashdi. Hududlar toifalarga ajratilib, karantin choralarini yumshatish boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha 2336 kishida koronavirus aniqlangan. Bugungacha bemorlarning 1775 nafari sog‘aygan va 10 nafari vafot etgan.